Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Mening “kovid” bo‘lganim haqida (hajviya)

Mening “kovid” bo‘lganim haqida (hajviya)

Keling, hadeb “kovid”ning vahimalaridan emas, mutoyibalaridan ham gaplashaylik. Xullas, virus yangi chiqqanda, palonchi mahallada chiqibdi, falonchi “dom”da aniqlanibdi, degan gaplar tarqala boshladi. Kimsan, butun armiya o‘sha “dom”ni gir aylantirib, qurollar bilan o‘rab oldi. O‘sha xonadonga mehmon bo‘lib kelgan odamlar ham mezbonnikida karantinda qolib ketdi. O‘zi aytishadi-ku mehmon birinchi kuni oltin, ikkinchi kuni mis, uchinchi kuni... U yog‘ini o‘zingiz bilasiz...
Avvalboshda bitta odamda aniqlansa, “Tez yordam”chilar xuddi kuyovnavkarday shovqin-suron bilan kelib, kasal bo‘lmishni yetti qavat “chimmat”ga o‘rab olib ketadigan, keyinroq esa shifoxonalar to‘lib ketganidan “kovid” bo‘lganning o‘zi tibbiyot muassasasiga boradigan bo‘ldi. Endi manzarani qarang, “kovid” ko‘chaga chiqsa, odamlar ajinani ko‘rganday undan qochadigan bo‘ldi...
Oxiri kim “kovid” bo‘lsa, o‘zini yakkalasin, uy sharoitida davolansin degan qarorga kelindi. Baxtimdan aylanay, ayni shu vaqtda kovid meni do‘st bilib, o‘ziga ulfat ayladi. Menda aniqlangandan so‘ng ishxonamdan o‘ntasini analizga olib ketishgan. Aniqki, ularning birontasi ham meni duo qilmagan. Chunki mendan oldin ham ular har uch kunda burniga cho‘p suqtiraverib, zada bo‘lgan-da...
Ijarada turgan “kovid”ga juda qiyin bo‘larkan. Turgan joyim oilaviy yotoqxona. Oshxonaga kirsam, pichir-pichir gaplashib turgan xotinlar sekin tarqalib ketishadi. Menga boqqan nigohlarida xuddi azroilni ko‘rganday ifoda hukmron. O‘zim tushundim. Tezroq uyimga ketaqolay. Bu yerda qolsam, yotoqxonadagilar gulduros kaltaklar ostida baribir ko‘chaga haydab soladi, deb o‘yladim.
To‘g‘ri ota uyimga, qishloqqa yo‘l oldim. Yo‘lga chiqishdan oldin ayolimga vahima bilan qattiq tayinladim. O‘zim “vahimalar vazirligi”da ishlayman-da...
– Xotin, o‘ta “quvonib” ketma. “Shodlik”dan yuraging naq yorilib ketmasin. Chunki “kovid” bo‘lib qolibman. Tezda menga alohida bir xonani tayyorla! Bugun kechga nasib qilsa, yetib boraman,-dedim.-Onam so‘rasalar, sal shamollab qolibdilar, davolangani kelyaptilar ekan deb ayt, deb qo‘shib qo‘ydim.
Ona – ona-da... Ishonmagan. Yuragi taka-puka bo‘lib turgan bir vaqtda “Mahalla” telekanalida tezkor xabarlarda kovidga chalinganlar orasida kaminaning lavozimi ham aytilgan. Onam iye, bu odam mening bolam-ku, nimaga kasal bo‘ladi, deb vahimaga tushganlar... Nimaga bunaqa bo‘ladi deb shosha-pisha dadamdan so‘raganlar. Dadam bo‘lsa: “Men qaydan bilay, yo telvizorni kattasimanmi sanga!”-deb urishib berganlar.
Vodiyga, bilasiz, xususiy avtomashinalar qatnaydi. “Kovid”man desam, kim olib ketadi men sho‘rlikni?! Suvga tushgan mushukday niqobimni taqib, burnimni tortib turaverdim. Bir vaqt qarshimdan tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan er-xotin chiqib qoldi. Narxni kelishdik. Meni olib ketadigan bo‘lishdi. Tavba, deyman, taqdir men bilan o‘chakishyaptimi?!
Mashinadagi tadbirkor yigit nihoyatda o‘zini avaylaydigan, kovid desa bir sapchib tushadigan xilidan ekan. Yonida antiseptika to‘ldirilgan idishdan o‘ziyam to‘rttasini olvogan. Har 15 daqiqada antiseptikani bir yuziga, bir qo‘liga, bir mashinasining rullariga sochadi, artadi. Og‘zigayam sepib yuboradimi-ey, “kapress” deb... Keyin xotiniga beradi. Xotini ham xuddi shu ahvol...
– Aka, - deydi yigit, – o‘zimizni asramasak bo‘lmaydi. Ko‘ryapsiz, yo‘l yurib, pul topamiz. O‘zim bu masalada nihoyatda ehtiyotkorman. Mana, xudoga shukur, shuning uchun ham hozirgacha “kovid” bo‘lganimiz yo‘q,-deydi sho‘rlik.
Men esa ichimda: “Bo‘lmagan bo‘lsang, endi bo‘lasanlar-da!”-devoray deyman. Tavba-tavba, deb qo‘yaman o‘zimga o‘zim. Shunaqasiyam bo‘ladimi? Ey xudo, sal pala-partish, ro‘daporoq odamga uchratsang bo‘lmasmidi, nima balo, bu mening “kovid”ligimni bilib, atayin qilyaptimi deyman yana...
Xullas, uyimga yetib bordim. Borishim ham vahimali bo‘ldi. Ministrlar uchun ham bunaqa joy hozirlashmaydiyov. Oddiy ota hovlimdagi kichikkina xonam go‘yo besh yulduzlik mehmonxonaday jihozlangan. Yashin tezligida Toshkentdan “kovid” keldi degan xabar tarqaldi...
Jiyanim tuman tibbiyot birlashmasida ishlaydi. U menga tezda bir xonadan joy tayyorlatdi va “Aka, biz borsak, juda katta shovqin-suron bilan boramiz. Uyingizdan oyoqda yurib chiqsangiz, odamlar nosilkada olib chiqib ketdi, ikki kun o‘tgach, o‘libdi deb ham gap tarqatib yuboraveradi. Shuning uchun o‘zingiz narsalaringizni to‘rva xaltaga solingda, jimgina kelib, markazning orqa eshigidan kirib kelavering”,-dedi. Aytganing to‘g‘ri dedim unga. Shunga ko‘ra, asta narsalarimni olib, ko‘chaga chiqdim va borib, o‘g‘ri mushukday kasalxonaning orqa eshikchasidan kirib oldim...
Men haqimdagi xabar allaqachon mahallada tarqalib bo‘lgan. Odatda meni ko‘rishi bilan salomlashishga chopadigan qo‘shnilar asta bosh chayqab qo‘yishadi. Ayrimlar salomimga alik ham olmay, uylariga kirib ketadi. Bir-ikkisining ovozi qulog‘imga yetib kelganday ham bo‘ladi: “O‘lib qolmasmikan ishqilib... Rangi ancha olinib qolibdi...”.
Profilaktika inspektorlari ham o‘z ishini qotirib bajargan. Darvozamga “Bu yerda quturgan it yashaydi!” deganday “Kovidga chalingan”mi-ey bir narsa yozuvlarni yozib, ilib ketibdi. Qarabsizki, mening uyim ham karantin. Qarindoshlar, tanish-bilish, mahallaning qadami uzildi. Ikki kun o‘tgach, mahalladan gumbur-qasir to‘y ovozi eshitilyapti. Xotindan so‘radim:
Mahallada to‘y bo‘lyaptimi?
Ha. Xolmirza aka to‘y qilyapti o‘g‘liga.
Bizni aytmadimi?
Biz “kovid”miz-ku.
– Ha-ya..-deyman o‘zimga kelib.-Ha, to‘yga chiqmasak, pulini berishimiz kerak-ku. Berganmidinglar?
Puliyam, o‘ziyam qursin, deyishibdi,-deydi xotin ilmoqdor qilib...
Indamayman. Tavba, shunaqasiyam bo‘larkanmi deyman.
Kenja qizimning gapi oshib tushdi hammadan. “Kovid” bo‘lganimni eshitganlar g‘amgin bo‘lsa, u kularmish. Sababini so‘rashsa: “Endi dadam meni tashlab, Toshkentiga ketib qolmaydi. Shu yerda yashaydi”,-dermish...
Jiyanlarim meni juda yaxshi ko‘rishadi. Men esa ularni. Hammasini ismini aytmay, o‘g‘lim, qizim deb chaqiraman. Toshkentdan borsam qo‘limda ul-bul bilan boraman. Hammasi qovog‘arini talagan chumoliday meni o‘rab oladi. Keyin yana bir odatim bor. Yoshim qirqdan oshgan bo‘lsa ham, vaqtimni bolajonlar bilan o‘tkazaman. Ular bilan o‘ynayman, yuguraman, chopaman, rasmlar chizaman, spektakl qo‘yib beraman... Chunki ular beg‘ubor-da, kattalar bilan o‘tirsang, g‘iybatdan bo‘shamaysan. Bolalar va kattalar suhbati bir-biriga teskari go‘yo. Go‘daklar bilan dillashsang, gunohlaring to‘kilganday yengillaysan, kattalarning g‘iybatli davrasida esa tog‘day gunohlarni bo‘yningga ilib, tobora og‘irlashasan...
“Kovid” qurg‘ur men va farzandlarim, jondek aziz jiyanlarim o‘rtasiga himolay tog‘ini dumalatib qo‘ydi deng. Hovliga chiqishdan oldin baqiraman: “Men chiqyapma-a-a-n!”. Bu ovoz jiyanlarimga endi jondan aziz amaki yoki tog‘a emas, balki “yovuz Bambr”ning ovoziday eshitiladi. Hovlidagi mayin, xotirjam oyoqchalar tovushi pala-partish dupur-dupurlarga aralashib ketadi. Chiqsam, bolalar tugul hovlida zog‘ ham qolmaydi. Endi jimyanlarim uy ichiga kirib olgan, o‘zlarining derazalaridan menga mo‘ltirab qarab turgan bo‘lishadi. Men o‘zimni go‘yoki akvariumga tashlab qo‘yilgan shimoliy qutb pingvini kabi his qilaman. Bolajonlar meni hayrat bilan tomosha qilib turishadi. Shu payt “artist”ligim tutib ketadi, ularning hayratini oshirish uchun men ham turli beo‘xshov qiliqlar qilib qo‘yaman. Ko‘zlarimni olaytiraman, yuzlarimni qiyshaytiraman, panjalarimni katta ochib, go‘yoki hozir senlarni tutib olaman deganday bo‘laman. Ular bundan ham hayrat, ham qo‘rquv, ham quvonch aralash qichqirib yuborishadi. Jajjilar bilan shunaqa “gaplashaman”. Ular meni toki hojatxona, qo‘l yuvish joyiga borib, qaytib, uyga kirib ketgunimcha ana shunday holda kuzatib turishadi. Uyga, xonamga kirganimdan so‘ng hovlida yana quvnoq oyoqchalar tovushi jaranglaydi...
Kenja qizim anchagina erka, anchagina shum-da. Onasining ko‘zini shamg‘alat qilib, dupur-dupur qilib, xonamga kirib keladi. Haydasam ham chiqmaydi. Bor, anavi yoqqa, men “kovid”man desam, nima bo‘pti deydi. Ustimga chiqib olib, ot qilib minadi, maskangni olib tashla deb tixirlik qiladi. Tortadi. Men esa maskani qayta-qayta taqib qiynalaman. Qiqir-qiqir kuladi. Onasi kiradi-yu, bo‘ri quyonni qo‘lga tushirganday chirqirab yig‘lashiga ham qaramay sudrab olib chiqib ketadi...
Xotin degani vafodor bo‘lsa, quvonib ketasan kishi. Erimni yuziga qanday qarayman. U “kovid” bo‘lsa, menga sog‘ yurish harom deb, qarang, u ham “kovid” bo‘lib olibdi-da... Burni ping‘illab, aksirib yurdi. Mening ham mehribonligim tutib, unga dorilarimdan ilindim. Ammo menga o‘xshab yotmadi. Oyoqda o‘tkazdi. Ovqat qildi, kir yuvdi. Menga qaradi. Ayolning joni qirqta emasmi, tuzalib ketdi. Men esa hayron:
Onasi, tezda tuzalib ketdingmi?
Ha, o‘ladi deb o‘ylaganmidingiz?-so‘raydi xotin.
Ha, yo‘q,-deyman xayolchan.
Xomtama bo‘lmang, o‘ladigan ahmoq yo‘q...
Odamning miyasiga bunaqa vaqtda g‘alati xayollar keladi.
– Xotin, agar menga biron narsa bo‘lsa, sendan roziman. Sen ham mendan rozi bo‘lgin...-deyman xotinga.
Xotin umring uzoq bo‘lgur ajoyib-da.
– Bu nima deganingiz, o‘lsangiz rozi emasman, uyni kim quradi, kreditni qanday to‘layman. Bolalarni joy-joyiga qo‘yish kerak...
Uning bu gaplaridan keyin isitmam ko‘tarilib ketadi. Meni “kovid”mas, sen o‘ldirasan deyman unga...
Uyimiz karantin bo‘lib, ko‘chaga chiqolmay qoldik. Qarindoshlar baraka topishsin. Uyimiz oldiga noma’lum askar qabriga gul qo‘yganday, sabzavot, oziq-ovqat qo‘yib ketishadi. Shu bilan ro‘zg‘or butlanadi.
Oshnalar uyga kelmay, telefonda hol so‘rashadi. Og‘aynilar: “Xavotir bo‘lma, o‘lmaysan, yomonga o‘lim yo‘q!”-deb kulishadi. Ijodkor do‘stlarning topqirligini qarang. Azza-bazza biz ham she’r yozib turamiz. Bahodir Obid deb o‘zimizga taxallus ham qo‘yib olganmiz. Ijodkor jo‘ralar hazillashib, taxallusimizni Bahodir “Kovid” deb o‘zgartirib ham qo‘yishibdi. Obbo tushmagurlar-ey...
Yo‘lchivoy degan do‘stimiz bor. Juda sodda, ko‘ngli toza yigit. Kasal bo‘lganimdan so‘ng telefon qilmay qo‘ydi. Ha, desam, jo‘ralar unga “Bohoga telefon qilma, kovid hozir telefondayam yuqyaptiykan”,-deyishibdi. Sodda do‘stim kasali yuqib qolmasin deb telefon qilmabdi menga...
Ana shunaqa gaplar. Bu kabi mutoyibalarni aytsangiz, tugamaydi. Tojvirus deb atalgan kovid kasalligi ham Xudoning bir sinovi. Inshoolloh, bu dard ham barham topadi. Aytishadi-ku, dardni bergan chorasini ham beradi deb. Shunisi aniqki, bu kasallik barchamizga shukur va sabr, ezgu niyat, solih amal bilan yashamoqlikni yana bir bor eslatdi.
Tuzalganim sharafiga to‘rt qator she’r yozdim. Uni sizga ham ilindim:
Men senga qoyilman, koronavirus,
Jigarni jigardan aylading yiroq.
Qancha uzoqlashsa, shunchalar yaqin,
Qadrdon, mehribon aylading biroq.


Bahodir OBID

Kiritildi: 17:46 08.07.2021. O'qildi: 6967 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!