Davlat mehnat inspeksiyasi pedagoglarni kasbiy faoliyatiga daxlsiz bo‘lmagan ishlarga, jumladan aholini ro‘yxatga olish, hududlarni obodonlashtirish yoki qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish qat’iyan taqiqlanganini yana bir bor eslatdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanidagi 55-maktabda sinf rahbarlariga o‘quvchilarning ota-onalarini census.stat.uz orqali ro‘yxatdan o‘tkazish topshirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan berilgan rasmiy munosabatda maktab jamoasi to‘liq ro‘yxatdan o‘tgani, ammo o‘qituvchilarga ota-onalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha hech qanday majburiy topshiriq berilmagani ta’kidlandi.
Inspeksiyaga ko‘ra, bunday qonunbuzilishlar uchun javobgarlik belgilangan. Agar shu kabi holatlarni tasdiqlovchi dalillar mavjud bo‘lsa, ularni munosibmehnat.uz Telegram-boti orqali Davlat mehnat inspeksiyasiga yuborish so‘ralgan.