Mehnat daftarchasi ish stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi. U yo‘qolib qolsa, pensiyaga qanday qilib chiqish mumkin? Mazkur savolga Pensiya jamg‘armasi bosh mutaxassisi Baxriddin Ziyatov batafsil javob berdi.
Baxriddin Ziyatovning aytishicha, 2005 yil 1 yanvardan oldingi davrlar uchun ish staji mehnat daftarchasida mavjud yozuvlar asosida, boshqa tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan belgilanadi.
“Mehnat daftarchasi yoki undagi yozuvlar bo‘lmagan, noto‘g‘ri yozilgan taqdirda, ish staji arxiv ma’lumotlari, buyruqlardan ko‘chirmalar, mehnat shartnomalari va boshqa hujjatlar orqali tasdiqlanishi mumkin. Bundan tashqari, mehnat faoliyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar sud tartibida fuqarolarning ko‘rsatmalariga asosan ham qabul qilinadi”,—dedi mutaxassis.