Ijtimoiy tarmoqlarda AQShning McDonaldʼs fastfud restoranlar tarmog‘i tovar belgisiga o‘xshash bo‘lgan “Wac donaldʼs” tovar belgisidan foydalangan holda fastfud restoranlari ochilganligi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu qonunan to‘g‘rimi?
AQShning McDonaldʼs korporasiyasi “McDonaldʼs” tovar belgisiga O‘zbekiston Respublikasi hududida muhofazasi uchun (MGU 9501492, MGU 9501495, MGU 20141287 hamda MGU 20141289-sonli) guvohnomalar olgan.
Ushbu holatlarni o‘rganish doirasida belgilangan tartibda “WAC DONALDS” MCHJda intellektual mulk huquqlariga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, “WAC DONALDS” MCHJ tomonidan AQShning McDonaldʼs korporasiyasiga tegishli bo‘lgan “McDonaldʼs” tovar belgisiga o‘xshash bo‘lgan “Wac donaldʼs” tovar belgisidan fastfud restoranlari peshtoqida, ichki dizayn bezaklarida, fastfud taomlarini qadoqlarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda foydalanganligi ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv yakuni bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, ushbu jamiyatga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.
Natijada, “McDonaldʼs” tovar belgisiga o‘xshash bo‘lgan “Wac donaldʼs” tovar belgisidan restoran faoliyatida foydalanish to‘xtatildi.
Bizningcha, bu tadbirkorlik sub’ekti vakillari mamlakatimizda jahon standartlariga hamohang ravishda intellektual mulk huquqlari to‘liq himoyalanganligidan bexabar bo‘lgan. Ularga bu borada huquqiy tushunchalar berildi va profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Qonuniy xaq-huquqlari, tadbirkorlik va brend yaratishda nimalar mumkinu, nimalar mumkin emasligi tushuntirildi.
Fikrimiz so‘ngida maqola boshidagi fikrimizga qaytamiz.
Tadbirkorlarga o‘zganing tovar belgisidan foydalanish emas,o‘z tovar belgisini yaratishni tavsiya etamiz. Zero, qonunchilikni to‘laqonli bilish bu – keng imkoniyatlar degani.
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi.