- Talabaligimning ilk yillarida o‘qishni bitirib, matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritishim xayolimga ham kelmasdi. Chunki u paytlar bu kasb hali yurtimizda ommalashmagan edi. Men telejurnalist bo‘lishni maqsad qilib qo‘ygandim. Tashqi ko‘rinishim va ovozim ham mos tushardi. Lekin o‘qishning oxirgi bosqichida barcha tashkilotlarda matbuot kotibi lavozimi joriy etilishi haqida eshitib qoldim. To‘g‘risi, o‘sha payt bunga qiziqish bilan munosabat bildirib qo‘ygandim. Taqdirni qarangki, o‘z faoliyatimni aynan mana shu lavozimdan boshladim. Yurtimizda zamonaviy matbuot xizmatining shakllanishida davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 iyundagi «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori katta ahamiyat kasb etdi.
Shiddat bilan o‘tgan bir yil davomida mazkur lavozimda faoliyat yuritib yetarlicha tajriba to‘pladim deb bemalol ayta olaman. Doim ochiq oydin gapirishni yaxshi ko‘raman. "Bu qiz hali yosh, ishni eplay olmaydi!" degan nazar bilan qaragan ba’zi insonlar ham bo‘ldi. Ming shukrlar bo‘lsinki, qaynoq shijoatim va ishimga bo‘lgan cheksiz mehrim ular oldida yuzimni yorug‘ qildi. O‘zimga yarasha hurmat va e’zozga erishdim. Matbuot kotiblariga hali- xanuz faqat tadbirlarda suratga oladigan fotograf sifatida qaraydiganlar ham yo‘q emas. Bu, albatta, dilingizni og‘ritadi. Lekin mazkur lavozimning mohiyatini anglab yetmaganlar soni kundan-kunga kamayib bormoqda. Rivojlangan davlatlarda matbuot kotiblari katta hurmat va obro‘ga ega. Kelgusida bizning jamiyatimizda ham matbuot kotiblari yuqori martabali shaxslarga aylanishiga katta ishonch bildiraman!
Bugun matbuot xizmatining ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro munosabatlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, jurnalist va blogerlar bilan har doim hamkorlikda ish olib borib, filial faoliyatini radio, gazeta va boshqa saytlarda doimiy ravishda yoritib boraman. Men matbuot kotiblari qanday bo‘lishi kerak degan savolga qisqa va aniq qilib «Universal bo‘lish» kerak deb javob beraman. Ularga faqat axborot tarqatuvchi sifatida qarash adolatdan emas. Bugun rahbarlar o‘z matbuot kotiblariga mensimaslik nazari bilan qaramaydi. Bu zamon talabiga ham mos emas. Aksincha ular bilan hamjihatlikda ish olib boradilar. Bugun mamlakatimizda barcha davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy axborot xizmatlari faoliyati joriy etilib, mazkur soha xodimlarining nufuzi oshirilmoqda. Shunga yarasha matbuot kotiblarining zimmasiga zalvorli vazifalar yuklatilgan. Ular jamoatchilikka axborotlarni tezkor va haqqoniy tarizda yetkazib berishlari zarur. Ochiqlik esa birinchi shioridir. Shu lavozimga tayinlangan har bir shaxs mas’uliyatni chuqur his qilgan holda, vazifasini sidqidildan bajarishi lozim. Bunda ularga yaxshi sharoit yaratib berish ham muhim sanaladi. Qulay atmasfera yaratmay turib faqat ish talab qilaverish ham adolatdan bo‘lmaydi. O‘zbekistonda axborot xizmatining faoliyati borgan sari ommalashib borayotganligining guvohi bo‘lyabmiz. Zamonaviy jamiyat muhiti ham shuni talab etadi.
27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan sohada ko‘p yillardan beri mehnat qilib kelayotgan ustoz jurnalistlarimizni, shijoatli hamkasblarimizni samimiy muborakbod etaman. Barchangizga g‘ayrat va omad tilayman. Qadringiz hamisha baland bo‘lsin!
Ziyo‘arxan Xojamuratova
Samarqand veterinariya medisinasi instituti
Nukus filiali Matbuot kotibi