Rossiya yoki Belarusga qarshi tajovuz bo‘lgan taqdirda, davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tahdid tug‘ilganda Rossiya yadro quroli ishlatilishi mumkin.
Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Davlat dumasiga ratifikasiya uchun kiritgan Ittifoq davlati doirasida Belarus bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi shartnomada aytilgan.
Shartnomaga ko‘ra, Rossiya Federasiyasining yadro quroli Rossiya yoki Belarusga qarshi yadro quroli yoki boshqa ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llanilishiga javoban, shuningdek, "tomonlardan biriga qarshi oddiy qurollar yordamida tajovuz qilinganda, uning suvereniteti yoki hududiy yaxlitligiga jiddiy xavf tug‘dirilganda" ham ishlatilishi mumkin.
Tomonlar Ittifoq davlati a’zosiga qurolli hujumni butun Ittifoq davlatiga qarshi tajovuz deb hisoblab, o‘z ixtiyorlarida mavjud barcha kuch va vositalardan foydalangan holda tegishli javob choralarini ko‘radilar. Xususan, Ittifoqdosh davlatlardan biriga qarshi tajovuz qilingan taqdirda, ikkinchi davlat prezidentlarning roziligi bilan rasmiy murojaatdan so‘ng darhol zarur harbiy, harbiy-texnik va boshqa yordam ko‘rsatadi.