AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens Tesla egasi Ilon Maskni prezident Donald Tramp bilan mojaroni to‘xtatishga ko‘ndirdi, deb yozadi The Wall Street Journal manbalarga tayanib.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 6 iyun kuni (ijtimoiy tarmoqlardagi tortishuvlardan bir kun o‘tib) Jey Di Vens va Oq uy apparati rahbari Syuzi Uayls Ilon Maskka qo‘ng‘iroq qilib, uni ziddiyatga chek qo‘yishga chaqirgan. WSJ suhbatdoshlarining aniqlik kiritishicha, Vens Trampning yonini olgan, biroq Maskning harakatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanqid qilishdan tiyilgan.
Mask vise-prezidentning maslahatlariga quloq tutdi, deb yozadi gazeta.
Mask va Tramp milliarder respublikachilarning AQSh byudjeti taqchilligini oshiruvchi soliq imtiyozlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini tanqid qilganidan keyin janjallashib qolishdi. 5 iyun kuni ular o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlarda tortishuv kelib chiqqandi.
Bugun ertalab esa Ilon Mask Donald Tramp haqidagi “ayrim” postlari uchun uzr so‘radi.