“Bloomberg Billionaires Index” ma’lumotiga ko‘ra, “Tesla” va “SpaceX” kompaniyalari egasi, amerikalik tadbirkor Ilon Mask “Tesla” aksiyasi 15,4 foiz arzonlashgach, bir sutka ichida 29 milliard dollar yo‘qotgan.
Dushanba kungi savdo yakunida elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniya qimmatli qog‘ozi qiymati 222,15 dollarni tashkil qildi. Yil boshidan esa aksiya 1,8 barobar arzonlashgan. Natijada Maskning jamg‘armasi dollar hisobida 301 milliardga tushib ketdi. O‘tgan ikki oy davomida milliarder boyligining 30,5 foizi yoki “Blumberg” reytingiga ko‘ra, 132 milliard dollarini qo‘ldan chiqargan.
Uning mablag‘i o‘tgan yil dekabrda eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarilib, 486 milliard dollarga baholangandi.
Shunga qaramay, Ilon dunyo badavlatlari orasida yetakchilikni saqlab turibdi. Ro‘yxatning ikkinchi qatorida “Amazon” onlayn-savdo tarmog‘i asoschisi, 216 milliard dollar sohibi Jeff Bezos, uchinchi o‘rinda 211 milliard dollarli Mark Sukerberg joylashgan.