Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Masjid imomining xatosi: itning qabrini ziyorat qilish quturish kasalligidan xalos qiladimi?

Masjid imomining xatosi: itning qabrini ziyorat qilish quturish kasalligidan xalos qiladimi?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi “Iskandarxo‘ja” masjidi imom noibi Majidov Murodning ma’ruzasidagi Najmiddin Kubro hazratlari bilan bo‘lgan it voqeasi keng tarqalmoqda. Undagi ulug‘ zotning nazari tushgan itning qabrini aylangan inson quturish kasalligidan xalos bo‘lishi to‘g‘risidagi rivoyat bahslarga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari Majidov Murod bilan mazkur masala yuzasidan suhbat olib borganda ma’lum bo‘ldiki, imom-domla mutasavvif olimlar asarlarida kelgan voqealarni bayon qilish asnosida it qabrini aylanish masalasini asossiz ma’lumotlarga tayangan holda noto‘g‘ri gapni aytib yuborganini e’tirof etdi.

O‘z navbatida bildirib o‘tmoqchimizki, Ahli Sunna val Jamoa e’tiqodiga ko‘ra, avliyolarning karomatlari haq ekaniga imon keltiramiz.

Bu haqda, Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning “Fiqhul akbar” kitobida “Payg‘ambarlarga berilgan mo‘’jizalar va avliyolarga ato etilgan karomatlar haq va rostdir”, deyilgan.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, inson xatosini ommaga keng yoyish yoki turlicha talqin qilish mo‘minlik sifati emas. Chin ma’noda isloh qilishni xohlagan odam birovning xatosini ommaga ko‘tarib chiqmay, balki o‘sha odamning o‘ziga aytadi. Imom Shofeiy rahimahulloh “Agar menga yolg‘iz o‘zim turganimda nasihat qilsang, chindan nasihat qilgan, agar odamlar ichida turganimda nasihat qilsang, sharmanda qilgan bo‘lasan” deganlar.

Ta’kidlash zarurki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi imom-domlalarni doimo hujjat-dalil bilan gapirishga undaydi. Zero, dinimizni targ‘ib qilishda asossiz rivoyatlarga hojat yo‘q. Shuningdek, Diniy idora mana shunday tariqat ahlining botiniy hikmatlari va karomatlarini tushuntirishda juda ham ehtiyot bo‘lishga chaqiradi.

Alloh taboraka va taolo dinimiz rivoji yo‘lida xizmat qilayotgan barcha xodimlarning tillari va dillarini sahvu xatodan O‘zi asrasin!

Kiritildi: 10:55 07.11.2019. O'qildi: 3056 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!