Braziliyaning «Fluminense» klubi jamoa himoyachisi Marselo bilan shartnomani bekor qilganini e’lon qildi.
Bunga 36 yoshli futbolchining jamoa bosh murabbiyi Mano Menezes bilan kelishmovchiligi sabab bo‘ldi. Braziliya A Seriyasi doirasidagi «Fluminense» - «Gremio» (2:2) uchrashuvida Menezes Marseloni zaxiradan maydonga tushirayotganida mashhur himoyachi bosh murabbiyning taktik ko‘rsatmalariga bepisand munosabatda bo‘lgach, jamoa ustozi uni yana qayta zaxira o‘rindig‘iga qaytarib yubordi. Shu kuni «Fluminense» 90+9-daqiqada gol o‘tkazib, yakunda muhim ochkolarni yo‘qotdi va hozirda turnir jadvalida 13-o‘rinda bormoqda.
Uchrashuvdan keyin «Fluminense» klubi Marselo bilan o‘zaro kelishuv bekor qilingani haqida rasman e’lon qildi va unga keyingi faoliyatiga omad tiladi.
Eslatib o‘tamiz, Marselo jamoaga 2023 yilga qaytib, «Fluminense»ning Libertadores kubogi-2023 g‘olibi bo‘lishiga yordam bergan edi.