Silivri yaqinidagi kechagi 6,2 magnitudali zilziladan keyin Marmara dengizida 291 ta yer silkinishi qayd etildi. Chiqarilgan energiya miqdori trotil ekvivalenti 30 kilotondan ortiq edi.
Bu haqda Turkiya tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bayonotida aytilgan.
Ta’kidlanishicha, silkinishlarning aksariyati kuchsiz bo‘lib, ularning soni kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda.
"Zilzila paytida Istanbulning janubiy sohilidagi aholi punktlari 5 magnitudaga to‘g‘ri keladigan kuchsiz yer silkinishidan larzaga keldi. Xavflarni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar tufayli zilzila konstruksiyalarga zarar yetkazmadi va insonlar qurbon bo‘lmadi", — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, posseysmik faollikka alohida e’tibor qaratilmoqda: "Asosiy silkinishdan so‘ng 291 ta yer silkinishi qayd etilgan. Ulardan 283 tasi 3,9 va undan past ballga ega bo‘lgan, aksariyati 3 balldan kam. Faqat 8 tasi zilzila 4 ball chegarasidan oshib ketgan”.
AFAD ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 28 soat ichida 4 soatlik interval bilan zilzilalar chastotasi tahlili barqaror pasayish tendensiyasini ko‘rsatmoqda. Kelgusi bir necha hafta ichida silkinishlar pasayishi kutilmoqda.
Bayonotda, shuningdek, zilzila natijasida chiqarilgan energiya trotil ekvivalenti 30 kilotondan oshgani, bu 2019 yil 26 sentyabrda xuddi shu mintaqada sodir bo‘lgan 5,8 magnitudali zilziladan taxminan to‘rt baravar ko‘p ekanligi ta’kidlangan.