Qozog‘istonning Turkiston viloyatida yog‘ingarchilikni sun’iy ravishda ko‘paytirish loyihasi ishga tushirildi. Bu haqda mamlakat Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
16 may kuni bo‘lib o‘tgan rasmiy marosimda ta’kidlanishicha, Qozog‘iston Markaziy Osiyo mintaqasida bunday zamonaviy tizimdan foydalanishni boshlagan birinchi davlatga aylandi. Mazkur tashabbus mintaqadagi qishloq xo‘jaligi yerlarini qurg‘oqchilikdan himoya qilish hamda suv tanqisligi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, yangi texnologiya ekologik jihatdan xavfsiz bo‘lib, faqat mahalliy darajada ta’sir ko‘rsatadi. Maxsus qurilmalar 5 kilometr radiusda ishlaydi va keng ko‘lamli salbiy ob-havo hodisalarini keltirib chiqarmaydi.
Xalqaro hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu sun’iy qurilmalar yordamida hududdagi yog‘ingarchilik miqdorini tabiiy darajaga nisbatan 10 foizdan 20 foizgacha oshirish imkoniyati mavjud.