Joriy yilning 27 yanvar kuni videoanjuman shaklida “Markaziy Osiyo-Hindiston” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqa mamlakatlari va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan IT sohasida Hindiston bilan mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish maqsadida raqamli innovasiyalar, moliyaviy va blokcheyn texnologiyalarni joriy qilish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, mutaxassislar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda Harakatlar dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.
Ta’kidlash joizki, kundalik hayotimizning barcha jabhalarida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, kiber tahdidlarga qarshi samarali kurashish tizimini yaratish barcha davlatlar manfaatlariga mos hisoblanadi. Ma’lumki, Hindiston raqamlashtirish borasida jahonning peshqadamlaridan biri hisoblanadi va dunyo IT industriyasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.
Mamlakatimizda ham keyingi yillarda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan axborot texnologiyalari sohasini kompleks rivojlantirish, ta’lim muassasalarining IT-kompaniyalar bilan hamkorligini kuchaytirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.
Shu o‘rinda, alohida ta’kidlash lozimki, Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Harakatlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbusi Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi hamda «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasidagi belgilab berilgan ustuvor maqsadlarimizni amaga oshirish borasidagi muhim qadam sifatida baholash mumkin.
Xususan, 2022 yil yakuniga qadar mamlakatimiz hududlari va iqtisodiyotning real sektori tarmoqlaridagi korxonalarda boshqaruv, ishlab chiqarish va logistika jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha 280 dan ortiq loyhalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu orqali yaqin kelajakda raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 baravarga ko‘paytirish maqsad qilingan.
Shuning bilan bir qatorda Hindiston bilan raqamli ta’limni rivojlantirish mintaqamizda, xususan mamalakatimizda oshirilayotgan keng ko‘lamdagi loyhalarga ijobiy hissasini qo‘shishi shubhasiz. O‘zbekistonda 120 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari faoliyat yuritmoqda, ularning har birida raqamli ta’lim moduli joriy etilmoqda va inkubasiya markazlari ochilmoqda.
Hozirgi kunda yurtimizda ta’lim sohasida Hindistonning uchta yirik oliy ta’lim muassasalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Vertikal ta’limning mutlaqo yangi tizimi yaratishga qaratilgan IT-ta’limni rivojlantirish dasturi qabul qilindi. 2020 yildan «Bir million dasturchi» loyihasi amalga oshirila boshlandi.
Bundan tashqari, IT-ko‘nikmalarni o‘zlashtirish uchun keng ko‘lamli ta’lim dasturlarini ta’minlovchi o‘quv markazlari tashkil etilmoqda. Hozirda 100 dan ortiq bunday markazlar ochilgan bo‘lib, ularda 85 mingdan ortiq tinglovchi o‘qitiladi. Treningdan so‘ng, markaz bitiruvchilari mamlakatning har bir mintaqasida ochilgan IT-Park filiallari tarmog‘ida frilancerlar, startaplar va hatto IT kompaniyalarining asoschilari sifatida faoliyat ko‘rsatishlari mumkin.
Shu bilan birga, yoshlarni kompyuter va IT texnologiyalari sohasida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun zarur jihozlar bilan ta’minlangan 100 mingdan ortiq bepul to‘garak faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Hindiston – Markaziy Osiyo” sammitida ilgari surilgan IT sohasida Hindiston bilan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbus aloqalarni yanada kengaytirish, mavjud savdo-iqtisodiy, moliyaviy, sarmoyaviy imkoniyatlardan to‘liq foydalanish va aholi turmush darajasini oshirishga o‘z hissasini qo‘shadi. Shu bilan birga ushbu soha yuzasidan xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish O‘zbekistonda axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari yo‘nalishida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni bardavomligi va samaradorligini ta’minlash nuqtai nazaridan ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Allaberganov Qahramon,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi