O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori, marhum kichik serjant Eshnazarov Xosilbek Beknazar o‘g‘li «Jasorat» medali bilan mukofotlandi.
Farmonda qayd etilishicha, u ichki ishlar organlaridagi fidokorona xizmati, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligi va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda qoidabuzarliklar profilaktikasini samarali amalga oshirishdagi katta xizmatlari uchun taqdirlangan.
Shuningdek, marhum xizmat burchini sidqidildan va yuksak sharaf bilan ado etib, mardlik va fidoyilik namunasini ko‘rsatgani, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki alohida ta’kidlangan.