"Manchester Siti" va Angliya Premyer-ligasi o‘rtasidagi huquqiy mojaro yaqin orada yakunlanmasligi mumkin.
The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, agar klub mavjud barcha apellyasiya va huquqiy imkoniyatlardan foydalansa, jarayon yana bir necha yil davom etishi ehtimoli bor.
APL reglamentida apellyasiya uchun muayyan muddatlar belgilangan bo‘lsa-da, ish materiallarining katta hajmi sabab bu jarayon uzaytirilishi mumkin.
Huquqshunoslar ish faqat Premyer-liganing ichki intizomiy tartibi bilan cheklanib qolmasligi mumkinligini ham ta’kidlamoqda. Keyingi bosqichlarda qo‘shimcha arbitraj yoki oddiy sud tartibidagi da’volar yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.
Macfarlanes yuridik firmasi sherigi Fred Snoubollning aytishicha, apellyasiyadan keyin ham yangi huquqiy jarayonlar boshlanishi mumkin.
"Premyer-liga qoidalari apellyasiya va ehtimol qo‘shimcha arbitraj jarayonini nazarda tutadi. Shuningdek, sudga murojaat qilish variantini ham istisno etib bo‘lmaydi", — dedi u.
Shu bois "Manchester Siti" bilan bog‘liq ishning to‘liq yakunlanishi hali ancha vaqt talab qilishi mumkin.