Myunxenning "Bavariya" klubi yarim himoyachisi Aleksandr Pavlovich Yevropaning bir qator yetakchi jamoalari e’tiborini tortmoqda.
Jurnalist Ekrem Konurning ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga Madridning "Real", Fransiyaning "PSJ", shuningdek, Angliyaning "Manchester Yunayted" va "Manchester Siti" klublari qiziqish bildirmoqda.
Ayniqsa, "Manchester Siti" ushbu transferni amalga oshirishga jiddiy bel bog‘lagan. Manchester klubi rahbariyati germaniyalik yarim himoyachi uchun 100 million yevro to‘lashga tayyor.
Pavlovich 2023 yilning noyabr oyidan buyon "Bavariya"ning asosiy jamoasida to‘p surib kelmoqda. Uning myunxenliklar bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.
Ayni paytda futbolchining transfer bozoridagi qiymati 90 million yevroga baholanmoqda.