Bugungi kunda sun’iy intellekt hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bu borada Malta davlati dunyoda birinchilardan bo‘lib o‘ziga xos tarixiy qadamni tashladi.
Malta o‘z aholisi uchun "ChatGPT Plus" xizmatidan bepul foydalanish imkoniyatini taqdim etgan dunyodagi ilk davlatga aylandi. Mamlakat hukumati bu borada "OpenAI" kompaniyasi bilan tegishli shartnomani imzoladi.
Mazkur kelishuvga ko‘ra, Malta rezidentlari "ChatGPT"ning pulli versiyasidan bir yil davomida mutlaqo bepul foydalanishlari mumkin. Buning uchun fuqarolar va rezidentlardan Maltaning onlayn identifikasiya tizimidan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.
Biroq bu hali hammasi emas. Fursatdan unumli foydalanishni istovchilar Malta universiteti tomonidan ishlab chiqilgan "AI for All" ("Sun’iy intellekt barcha uchun") deb nomlangan bepul onlayn kursni tamomlashlari kerak bo‘ladi. Shundan so‘nggina aholi "ChatGPT Plus"dan bepul foydalanish uchun ariza topshirish huquqini qo‘lga kiritadi.
Malta raqamli innovasiyalar boshqarmasining ma’lum qilishicha, ushbu onlayn kurs odamlarga sun’iy intellektning mazmun-mohiyatini anglash hamda undan uyda va ishda qanday qilib mas’uliyat bilan foydalanishni tushunishga yordam berish maqsadida ishlab chiqilgan. Loyihaning ilk bosqichi shu yilning may oyida ishga tushadi va boshqarma bepul obunalarni taqsimlash jarayonini qat’iy nazorat qiladi.
Muhim yangilikka Malta iqtisodiyot, tadbirkorlik va strategik loyihalar vaziri Silvio Sxembri ham munosabat bildirdi:
"Ushbu ta’lim loyihasini bugungi kunda mavjud bo‘lgan eng ilg‘or raqamli vositalardan bepul foydalanish imkoniyati bilan birlashtirgan holda, biz hali ko‘pchilikka notanish bo‘lgan tushunchani oilalarimiz, talabalarimiz va ishchilarimiz uchun amaliy yordamchiga aylantirmoqdamiz", deydi vazir.