Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

“Malika” bozoridagi yigitlar qaysi jamiyatning mahsuli?

“Malika” bozoridagi yigitlar qaysi jamiyatning mahsuli?

Toshkentning “Malika” nomi bilan mashhur bo‘lgan savdo markaziga borib, u yerda yangi bir jamiyat vakillari shakllanganiga guvoh bo‘ldim...

Toshkentda o‘zbek, rus va xorijiy tillardan tashqari yana bir maxsus tilda so‘zlashadigan vatandoshlarimiz borligini bilasizmi? Ularning til lug‘atida qisman o‘zbek, qisman rus tiliga o‘xshash so‘zlar va yana Qur’on kalimalari bilan birgalikda yozishga uyat bo‘lgan so‘zlar talaygina.

Ularning ko‘rinishi ham siz va bizdan farq qilmaydi, qisqasi oddiy xomo sapiyens. Ko‘cha tilida ularni “dux”i baland yigitlar, deyishadi. Kiyinishlari eng so‘nggi rusumda. Aksariyat qismi quyuq soqol qo‘ygan. Yurishlari sahnaga chiqayotgan repper yulduzlarni eslatadi. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadiku-ya, ammo orada “alhamdulillah”, deb qo‘yishni ham unutmaydi.

Bu fanga noma’lum bo‘lgan madaniyat vakillarini asosan Toshkentda, “Malika” nomi bilan tanilgan savdo markazida uchratasiz. Agar telefon sotish niyatida borgan bo‘lsangiz, ular sizni o‘ljaga yopirilgan o‘laksaxo‘rlardek o‘rab olishadi. Ularga xos bo‘lgan tilda gaplasha olmasangiz o‘lja bo‘lishingiz aniq. Agar viloyatdan Toshkentga endi kelgan biror bir yurtdosh bu bozorga yumush bilan tushsa, ahvolini tasavvur qilayapman... 

Atrofdagi do‘konlarda ham ana shu noma’lum “madaniyat” vakillari talaygina. Birgina ishlab chiqaruvchiga tegishli texnikani bu savdo markazidagi do‘konlarda turli narxlarda uchratasiz. Kimdir insof bilan narx qo‘ysa, kimdir o‘sha narxdan o‘n barobar qimmatroqqa pullaydi. Chunki, unda o‘sha texnikani Xitoy emas, Olmoniyada ishlab chiqarilganiga va bozor bo‘yicha bunday mahsulot faqat o‘zida ekanligiga ishontira olish qobiliyati aniqrog‘i, “dux”i bor. Ularning, quyuq soqoli va har gapiga “Alloh”ni aralashtirishini eshitib, omadim chopib insofli do‘konchiga uchradim, deb suyunib ketasizu ammo adashganingizni anglab yetasiz. Sizni boplab chuv tushirishgani esa siz uchun kelajakda katta “saboq“ bo‘ladi.

Bu bilan butun boshli “Malika” bozorini firibgarlar uyasiga qiyoslamoqchi emasmiz. Biroq, o‘sha fanga noma’lum “madaniyat” egalarini ko‘proq shu bozorda uchratishingiz aniq. Tashqaridan soqolli yigitlarni dindorga qiyoslaysiz-u, har ikki gapining birida xunuk so‘kinishlarini eshitib uyalgandan yerga kiray deysiz. Texnika narxlarini yer bilan osmoncha farq qilib, o‘ynashini ko‘rib u yerdagi savdoni halolligiga ham shubha qilasiz.

Gap soqolda, dinda, bozorda yoki “dux”da emasdir. Hamma gap shunday bir noan’anaviy “madaniyat”ni shakllantirgan ta’lim tizimi, oilaviy muhit va o‘zimizda emasmikan? Ularda na din va na dunyoviy ilmdan asar borligiga ishonish qiyin. Yana shunga ishonchimiz komilki ular oydan tushmagan, yerdan chiqmagan. Ular ham o‘zimiz qatori mahallamizda, atrofimizda voyaga yetgan. Yana ham aniqrog‘i, jamiyatimiz mahsuli.

A.SODIQ

P/S: Eslatma, muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini anglatmaydi.

Kiritildi: 13:16 24.01.2020. O'qildi: 6866 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!