Malayziya hukumati 2026 yildan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi — Reuters.
"Shu tariqa, Malayziya bolalarning xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli raqamli platformalardan foydalanishni cheklashga qaror qilgan mamlakatlar ro‘yxatiga qo‘shiladi", deya yozadi agentlik.
Rejalashtirilgan cheklovlar haqida 23 noyabr kuni mamlakat aloqa vaziri Fahmi Fazil ma’lum qildi. Malayziya Avstraliya va boshqa mamlakatlarda ijtimoiy tarmoqlarda yosh cheklovlarini joriy etish mexanizmlarini o‘rganmoqda. Avvalo, cheklovlar yoshlarni onlayn tahdidlardan — qo‘rqitish, moliyaviy firibgarlik va bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik kabilardan himoya qilish zarurati bilan izohlanmoqda.
New Straits Times nashrining yozishicha, kelgusi yilgacha platformalar elektron identifikasiya tizimini taqiqni joriy etishga texnik jihatdan tayyorlashi kerak. Cheklovlarga rioya etilishini nazorat qilish mexanizmlari yaqin oylarda jamoatchilik va operatorlar bilan muhokama qilinishi kutilmoqda.