Bugun 15 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Makron: "Ukrainaga yordam berish — Fransiya va butun Yevropani himoya qilish demakdir"

Makron: "Ukrainaga yordam berish — Fransiya va butun Yevropani himoya qilish demakdir"

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash Fransiya va Yevropaning xavfsizligi uchun bevosita ahamiyatga ega.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, bu haqda ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Parij Kiyevga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish, shuningdek, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish niyatida.

«Ukrainaning o‘zini himoya qilishiga yordam berish — Fransiya va fransuzlarni himoya qilish demakdir. Agar Rossiya Yevropa davlatlaridan birining irodasini kuch bilan bo‘ysundirsa, butun Yevropa zaiflashadi», — deb ta’kidlagan u.

Fransiya rahbarining fikricha, Moskva muzokaralardan manfaatdor ekanini ko‘rsatayotgani yo‘q. U Rossiyaning Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasiga bergan zarbalari qish mavsumida mamlakatni elektr energiyasisiz qoldirish va shu orqali Kiyevni Rossiya shartlarini qabul qilishga majburlashga qaratilganini aytgan.

Shu munosabat bilan Makron Kiyevga harbiy va energetika sohasidagi yordamni davom ettirish zarurligini bildirgan.

«Ukrainaning resurslarini cheklashni istaganlar, aslida, uni adolatsiz tinchlikni qabul qilishga majburlash, uzoq muddatga zaiflashtirish va shu bilan birga butun Yevropani kuchsizlantirishga intilmoqda. Bu mag‘lubiyat ruhiyatidir. Bu keyingi urush uchun zamin yaratadi. Fransiya bunday pozisiyani qo‘llab-quvvatlay olmaydi», — deb yozgan u.

Fransiya prezidenti ikkinchi ustuvor vazifa sifatida adolatli va barqaror tinchlikka erishishni qayd etgan. Uning ta’kidlashicha, ushbu jarayonda Yevropa to‘laqonli rol o‘ynashi kerak, chunki uning natijalari butun qit’a xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatadi.

Makron, shuningdek, Fransiya tashabbusi bilan Dublinda bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida 42 ta davlat Yevropa xavfsizligi tamoyillari to‘g‘risidagi deklarasiyani ma’qullaganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, u Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini tayyorlash maqsadida tashkil etilgan «Istak bildirganlar koalisiyasi» faoliyatini ham eslatgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli reja Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlash va o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin mamlakat hududiga joylashtirilishi mumkin bo‘lgan ko‘p millatli kuchlarni tayyorlashni nazarda tutadi. Hozirda Polshada harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda, koalisiya ishtirokchilarining navbatdagi uchrashuvi esa Berlinda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

«Evropadagi eng yirik amaldagi armiyaga ega Ukraina NATO bilan bir qatorda muhim rol o‘ynashi kerak. Uning o‘rni aynan NATO safidadir», — degan Makron.

Uning ta’kidlashicha, Parijning asosiy maqsadi Ukraina uchun barqaror tinchlikni ta’minlash va Yevropaning umumiy xavfsizlik tizimini mustahkamlashdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, Makronning mazkur bayonoti Fransiyada ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazilayotgan bir paytda yangradi. Namoyishchilarning bir qismi hukumatdan Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish va ushbu mablag‘larni mamlakatning ichki muammolarini hal etishga yo‘naltirishni talab qilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, shanba kuni bo‘lib o‘tgan va 106 ming kishi ishtirok etgan namoyishlarda 121 nafar shaxs qo‘lga olingan.

Kiritildi: Bugun 11:10. O'qildi: 276 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik