Har yili Saudiya Arabistonining aholisi bir hafta davomida uch millionga ko‘payadi. Chunki Zulhijja oyining dastlabki 10 kunida butun dunyodan musulmonlar haj ibodatini ado etish uchun Makka shahriga keladi. Aholining qisqa muddat ichida bu qadar ko‘payib ketishiga dunyoning ko‘plab shaharlari tayyor emas. Ammo zamonaviy Makka shahrining qurilishida shu narsa hisobga olingan. Shunga qaramay, bu yerda ham ba’zan falokatli tiqilinchlar yuz berib turadi. Bu yilgi haj mavsumida Mino vodiysida yuz bergan fojeada 700 dan ziyod odam halok bo‘lgani bunga bir misol.
Bu kabi fojealarning oldini olish uchun haj ibodati bilan bog‘liq inshootlar qurilishiga Saudiya Arabistoni hukumati dunyoning eng yaxshi arxitektor va dizaynerlarini taklif etadi. Haj arkonlari bilan bog‘liq tiqilinch muammolarini bartaraf etishda qanday arxitektura va dizayn usullaridan foydalanilgan? Bu maqolada shu mavzu yoritiladi.
Hojilar uchun maxsus qurilgan aeroport
Qirol Abdulaziz aeroportidagi an’anaviy badaviy chodirlariga o‘xshatib qurilgan Haj terminali bir million kv. metrga yaqin maydonni egallab, tomi teflon polimeri va oynali plastmassa bilan yopilgan. Yo‘lovchilar yuklarini iqlimi nazorat qilinadigan bo‘linmadan olishadi. Havoning tabiiy almashinuvi eng optimal ta’minlangan ochiq joydagi kutish zalida esa, tashqarida havo 50 daraja issiq bo‘lsa ham, harorat 25 gradusdan oshmaydi.
Har kuni 600 tonna axlat pnevmatik quvurlarda tortib olinadi
Masjidni qayta qurishga sarflangan 20 milliard dollardan ortiq xarajat ichida muhim bir muammoni bartaraf etish ham ko‘zda tutilgan: har kuni yig‘iladigan 600 tonna axlatni bir yoqli qilish. Shu maqsadda Makkadagi masjid atrofida 400 ta pnevmatik quvur o‘rnatilgan. U yerga tashlangan chiqit yer osti quvurlari orqali so‘rib olinib, 1,5 km. naridagi axlat markaziga olib borib tashlanadi. U yerdan yuk mashinalariga yuklanib, maxsus axlat maydonlariga olib ketiladi.
Ko‘proq odamni qabul qilish uchun masjidni kengaytirish loyihasi
Makka shahridagi Masjid al-Harom Kaba atrofida qurilgan va mudom kattalashib borayotgan ibodatxona bo‘lib, haj mavsumi unda bir paytning o‘zida 2-3 million odam yig‘iladi. Har yili bu yerga hajga kelgan har bir musulmon Kabani ikki bor yetti marotaba aylanib chiqishi kerak. Odam ko‘pligidan, ba’zan, ayrim ziyoratchilar Kaba tomigacha chiqib ketadi. Bu muammoni bartaraf etish uchun Gensler firmasi dizaynerlari yollangan. Ular Kaba atrofida sakkiz yonli maxsus platforma ishlab chiqishdi. Natijada tiqilinch kamayib, odamlar oqimi tezroq va ko‘proq o‘tishiga imkon yaratildi.
0,01 foiz ziyoratchilar uchun mehmonxona
2017 yilda qurib bitkazilishi kutilayotgan Abraj Kuday mehmonxonasi dunyodagi eng katta otel bo‘ladi. U 12 minora, 10 ming xona, 70 restoran, 4 ta vertolyot qo‘nish maydonchasi, do‘konlar markazi va avtobus bekatidan iborat. Beshta qavati saudiylar qirollik oilasi uchun ajratilgan. Mehmonxona o‘ta boy ziyoratchilar uchun mo‘ljallangan. Ko‘hna va islomiy shahar uchun shundoqqina Kabaning tepasida bunday hashamatli mehmonxonaning qurilayotgani juda g‘alati.
100 ming oynali plastmassa o‘tovlaridan iborat shahar
Hajning muhim arkonlaridan birini bajarish uchun ko‘plab ziyoratchilar Mino vodiysida tunaydi. Uzoq yilllar bu yerda hojilar uchun oddiy paxta matodan tikilgan o‘tovlar bo‘lardi. Ammo 1997 yil yuz bergan dahshatli yong‘in 300 ga yaqin odamni hayotdan olib ketgach, Saudiya hukumati olovga chidamli muqobil o‘tov izlashga tushdi. Natijada havo salqinlatgich bilan ta’minlangan, teflon bilan qoplangan 100 mingta oynali plastmassa chodirlar bunyod etildi. Minoda, shuningdek, maxsus kasalxonalar va tez tibbiy yordam markazlari ham tashkil etildi. Ammo Mino vodiysi hanuz haj mavsumining xavfsizlik eng beqaror bo‘lgan hududi hisoblanadi. 700 ga yaqin o‘limga sabab bo‘lgna bu yilgi fojea ham shu yerda ro‘y berdi.
Shaytonga tosh otiladigan ko‘prikka yangi qavatlarning qo‘shilishi
Hajning uchinchi kuni ziyoratchilar Jamarot ko‘prigiga kelib shaytonga qarata yettita tosh otishadi. Bu yerda ilgari ham bir necha bor falokatli tiqilinchlar yuz bergan. Chunki Jamarot ko‘prigi hojilar eng ko‘p yig‘iladigan joy hisoblanadi. Tiqilinchlarni kamaytirish maqsadida oxirgi yillarda Jamarot ko‘prigi besh qavatli qilib qurildi. Endi odamlar tosh otiladigan ustunlarga osonroq yetib boradi. Odamlarning kelish va ketish yo‘laklari ham alohida-alohida qilib ajratilgan. So‘nggi fojeada Jamarot ko‘prigiga olib keladigan ikki yo‘lakdagi odamlar bir joyda tutashib, katta tiqilinchni yuzaga keltirgani aytilmoqda.