Bugun 18 oktyabr, 2024 yil, juma

КИР

Mahachqal’a shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochiladi

Mahachqal’a shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochiladi

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegasiya amaliy safar bilan Rossiyaning Dog‘iston Respublikasida bo‘ldi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, mamlakat delegasiyasi a’zolari Derbent shahriga tashrifi davomida shahar ma’muriyati rahbari Ahmad Kuliyev bilan uchrashdi. Suhbat davomida ushbu shahar Kaspiy dengizi bo‘yida joylashganligi va o‘zining tarixiy obidalari bilan mashhurligi, 2023 yil davomida Derbent shahriga 700 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurgani ma’lum qilindi.

Buxoro viloyati delegasiyasi, shuningdek, Derbent shahridagi bir qator korxonalarda bo‘ldi va ularning rahbarlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Mahachqal’a shahriga tashrif davomida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Dog‘iston hukumati rahbari Abdulmuslim Abdulmuslimov boshchiligidagi hukumat a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-madaniy sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Muzokaralar natijasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash, Mahachqal’a shahrida O‘zbekiston savdo uyini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar turizm xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha ilg‘or tajriba va sohadagi tashkilotlar o‘rtasida yaqin hamkorlikni o‘rnatish, sayyohlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlash xususida fikr almashdilar.

Uchrashuv natijasida Buxoro viloyati Turizm boshqarmasi va Dog‘iston Respublikasi Turizm vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shundan so‘ng, Buxoro viloyati va Dog‘iston Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida alohida uchrashuv tashkil etildi. Unda Buxoro viloyatiga xorijiy investisiyalarni jalb etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sanoat va savdo kooperasiyasi masalalarida hamkorlik qilish va boshqalar to‘g‘risida ahdlashib olindi.

Kiritildi: 11:48 27.07.2024. O'qildi: 706 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!