Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) boshqaruv kengashi AQSh va Isroil tomonidan Eronning yadroviy ob’ektlariga qilingan hujumlardan so‘ng shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda agentlik rahbari Rafael Mariano Grossi diplomatik yechim hali ham mumkinligini ta’kidladi. Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, agar bu yo‘ldan chiqib ketilsa, dunyo aqlga sig‘mas halokatlarga duch kelish xavfi ostida qoladi.
Grossi ma’lum qilishicha, 13 iyun kuni u Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchiydan xat olgan. Ushbu maktubda Eron yadroviy jihozlar va materiallarni himoya qilish maqsadida "maxsus choralar ko‘rilayotgani" haqida xabar bergan.
Bunga javoban MAGATE Tehronga yadroviy materiallarning har qanday ko‘chirilishi agentlik bilan tuzilgan kelishuvlar doirasida deklarasiya qilinishi shart ekanini eslatgan.