Bugun 17 dekabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Madaniyat vazirligi: Amsterdamda yiqilgan o‘zbekistonlik akrobatlarning ahvoli og‘ir emas

A A A
Madaniyat vazirligi: Amsterdamda yiqilgan o‘zbekistonlik akrobatlarning ahvoli og‘ir emas

Niderlandiya poytaxtidagi «Karre Amsterdam» teatrida 3 yanvar kuni tashkil etilgan tomosha vaqtida 10 metr balandlikdan bir-birining ustiga yiqilgan o‘zbekistonlik ikki akrobat — Kristina Vorobyova va Rustem Osmanovning ahvoli og‘ir emas. Bu haqda Madaniyat vazirligiga asoslanib, «Xabar.uz» xabar bermoqda.

Avvalroq baxtsiz hodisa Rustem Kristinani bir qo‘li bilan ushlab, ikkinchisini bo‘shashtirganda yuz bergani, Kristina yerga chalqancha tushib, qimirlamay qolgani, akrobatlar shifoxonaga joylashtirilgani va ularning ahvoli og‘ir deb baholanayotgani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Kristina shifoxonada allaqachon operasiya qilingan va ayni vaqtda uning ahvoli qoniqarli baholanmoqda. Rustem Osmanovning ham holati yaxshi — u Kristinaning ustiga tushgani uchun og‘ir jarohat olmagan.

Kristina Vorobyova va Rustem Osmanovdan iborat Sky Angels dueti ko‘plab sovrinlarni, jumladan, sirk «Oskar»i hisoblangan «Oltin masxaraboz» mukofotiga sazovor bo‘lgan. Bu duet tishga osilgan holda bajariladigan eng murakkab tryuklarni himoya to‘risiz qila oladigan O‘zbekistondagi yagona sirk artistlaridir.

Madaniyat vazirligidan qo‘shimcha qilishlaricha, bu akrobatlar O‘zbekiston Davlat sirkining xodimlari emas va ular shartnoma asosida faoliyat yuritish uchun xorijga jo‘nab ketgan edi.

Kiritildi: 11:00 05.01.2020. O'qildi: 2443 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!