Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko matbuot anjumanida Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyning ayblovlarini rad etdi. Zelenskiy Lukashenko urush boshida Kiyevga Belarusdagi Mozyr neftni qayta ishlash zavodiga zarba berishni taklif qilganini aytgandi.
Ukraina prezidenti ta’kidlashicha, bu taklif Belarus hududidan Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishi va zarbalar berishi uchun qasos sifatida aytilgan.
Bu haqda Lukashenko Minskda o‘tkazilgan matbuot anjumanida quyidagicha fikr bildirdi:
«Bu gapni eshitib, o‘zimni yomon his qildim. Men hech qachon dunyodagi eng yaxshi zavodga hujum qilishni taklif qilmaganman. Bu zavodga katta mablag‘lar kiritilgan. Zelenskiyga murojaat qilib shuni aytaman: "Nega bunday deyapsan? Axir, yolg‘on gapiryapsan!"
Shuningdek, Lukashenko, agar bunday hujum amalga oshirilganida, Minsk javob qaytarishga majbur bo‘lgan bo‘lishini ta’kidladi:
«Natijada, urushga tortilgan bo‘lardik. Men bu urushni xohlamaganman va uni oldini olish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qildim,» — dedi u.
Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmont ham ushbu masalaga o‘z munosabatini bildirdi. U Zelenskiyning so‘zlarini AQShlik podkaster Lex Fridman bilan o‘tkazilgan intervyusidan keyin rad etib, Minsk 2022 yil fevral oyidagi voqealar uchun Kiyevdan uzr so‘ramaganini ta’kidladi.
O‘zining ettinchi prezidentlik muddatiga qayta saylanayotgan Lukashenko 2025 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda biror yechim topilishiga umid bildirdi. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, urush amalda yakunlanmaydi va qarama-qarshilik davom etishi mumkin.
«Lekin tunnel oxirida yorug‘lik ko‘rinadi,» — dedi Lukashenko va Belarus tinchlik tarafdori ekanini, ammo Rossiyaning pozisiyasini ham inobatga olish kerakligini qo‘shimcha qildi.
Lukashenko AQShning Rossiyani yon berishga majbur qilolmasligini ta’kidlab, mojaroning kuchayishi Yevropaga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytdi.
Shu bilan birga, Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuv o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu uchrashuv Ukraina mojarosini muhokama qilishda muhim bo‘lishi mumkin, chunki har ikki lider muzokaralarga tayyorligini bildirgan.
Yakshanba kuni Belarusda prezidentlik saylovlari boshlandi. Mahalliy vaqt bilan soat 20:00 gacha davom etadigan ovoz berishda Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotiga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berishda allaqachon 41,81% saylovchi ishtirok etgan. Prezidentlik uchun Aleksandr Lukashenkodan tashqari Oleg Gaydukevich, Sergey Syrenkov, Aleksandr Xijnyak va Anna Kanopatskaya ham kurashmoqda.