Ukraina rahbariyati 30 yildan ortiq vaqt oldin yadro qurolidan voz kechishni xato deb hisoblamoqda va Rossiya bilan uzoq muddatli tinchlikka faqat AQSh yordami bilangina erishish mumkinligini ta’kidlamoqda.
Buni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Italiyaning "Il Foglio" gazetasiga bergan intervyusida aytdi. Deutsche Welle ushbu intervyudan parchalar keltirdi.
Ma’lum qilinishicha, Tramp bilan suhbat davomida Zelenskiy, xususan, 1994 yildagi Budapesht memorandumini muhokama qilgan. Ushbu memorandumga ko‘ra, AQSH, Buyuk Britaniya va Rossiya sobiq sovet respublikalari - Ukraina, Belarus va Qozog‘istonga ularning yadro arsenalini yo‘q qilish evaziga xavfsizlik kafolatlarini bergan edi.
Ukraina prezidenti bu qarorni "ahmoqona va mas’uliyatsiz" deb atadi, chunki keyinchalik "vaziyat o‘zgarib ketdi". Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qrimni hamda Ukrainaning sharqidagi Donetsk va Lugansk hududlarini bosib olganida, Kiyev kafolat beruvchi davlatlarni aralashishga chaqirgan, ammo hech qanday javob olmagan.
Zelenskiy "Ukraina o‘zining yadroviy qurollarini sovg‘a qildi," deb ta’kidladi. Uning aytishicha, Ukraina alohida davlatlardan emas, balki NATOdan xavfsizlik kafolatlari olganida yaxshiroq bo‘lardi.
Zelenskiy Tramp bilan suhbatda "Biz yadro qurolini urushga almashtirib oldik," deb yakunladi.
Shu bilan birga, Zelenskiy AQSh prezidentining Ukrainaga kuchli yordam ko‘rsatishga qodir ekanligiga ishonch bildirdi.