2025 yildan boshlab Latviyada 20 yoshdan kichiklarga tamaki mahsulotlari va ularning o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni (masalan, veyp) sotish taqiqlanadi. Bu haqda Baltic News xabar berdi.
Hozircha qonunga ko‘ra, tamakini 18 yoshdan boshlab sotib olish mumkin. Taqiqqa rioya qilmagan 20 yoshgacha bo‘lganlar 15 yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin. Xuddi shunday jarima tamaki va uning o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni sotib olish yoki saqlash uchun ham nazarda tutiladi.
Sotuvchilar, o‘z navbatida, 280 dan 700 yevrogacha, yuridik shaxs esa 700 dan 7100 yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin.
Yangi qoidalar, shuningdek, elektron sigaretlar uchun “xushbo‘y” suyuqliklarni sotishni ham taqiqlaydi. 2025 yil 1 yanvardan do‘kon peshtaxtalarida faqat tamaki hidi va ta’miga ega suyuqliklar bo‘ladi.