"Pxenyanda Kursk viloyatidagi janglarda halok bo‘lgan askarlar xotirasiga Sebel (“Yangi yulduz”) ko‘chasi qurilishi yakunlandi. Ochilish marosimi shaxsan Kim Chen In tomonidan o‘tkazildi", deb xabar bermoqda Koreya markaziy axborot agentligi.
Ma’lum qilinishicha, yangi ko‘chada Kurskdagi janglarda halok bo‘lgan harbiylarning oilalari yashashi uchun “monumental me’moriy inshootlar” barpo etilgan. Inshootlar “Vatanining mangu sharafi va abadiy ravnaqi yo‘lida jonini fido qilgan qahramonlarning jasoratini muhrlab qo‘yishi” kerakligi ta’kidlangan.
"KXDR rahbari Sebel ko‘chasini “qahramonlik davrining ramzi” va “butun mamlakat faxri”, deb atadi. Marosimda u halok bo‘lganlarning oila a’zolariga kvartira orderlarini topshirdi, shundan so‘ng konsert dasturi bo‘lib o‘tdi", deyiladi agentlik xabarida.
2024 yil noyabrida KXDR Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda qatnashishi uchun o‘n ming nafar harbiy yuborgan edi. Shimoliy koreyalik qo‘shinlarning yo‘qotishlari besh mingdan ortiq kishini tashkil etgan, ularning kamida uchdan bir qismi halok bo‘lgan. Janubiy Koreya razvedkasi KXDR 2025 yil noyabrida yana besh ming nafar harbiyni Rossiyaga yuborganini ma’lum qilgandi.