Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir qazib chiqarishda erishilgan natijalar va kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Kuz-qish mavsumida aholi xonodonlari, ijtimoiy soha muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash maqsadida ko‘mir sanoatida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi loyihalar ishga tushirilmoqda, ishlab chiqarish quvvatlari va hajmlari oshirilmoqda.
2024/2025-yillar kuz-qish mavsumida qariyb 8,7 million tonna ko‘mir qazib olinib, issiqlik elektr stansiyalari, byudjet tashkilotlari va aholiga yetkazib berildi.
2025/2026-yillar mavsumida esa 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish maqsad qilib qo‘yilgani ma’lum qilindi. Bu borada “O‘zbekko‘mir” AJ korxonalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, sohada yangi ishlab chiqaruvchilarning faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Prezident mavsum davomida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Korxonalarni modernizasiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, bozor tamoyillarini joriy etish va raqobatni kuchaytirish orqali mahsulot tannarxini kamaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, taqdimotda uran yo‘nalishidagi yangi investisiya loyihalarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.