— Qo‘shnilarimiz uyida mushuk va it boqishadi. Ko‘p qavatli uyda yashaganligimiz sababli, issiq kunlarda ularning badbo‘y hidi atrofga tarqalib, toza havodan nafas olishga imkon bermaydi. Qo‘shnilarni bir necha marta ogohlantirishimizga qaramay, bu holatga beparvo munosabatda bo‘lmoqda. Kechasi iti akkillashidan yosh farzandlarimiz uyqusidan qo‘rqib uyg‘onib ketishadi. Kunduzi esa sayrga chiqib, ko‘chada o‘ynab yurgan yosh bolalarni qo‘rqitadi. Qo‘shnilarning bu xatti-harakati uchun qonunda birorta chora yoki yechim bormi?
Ismi sir tutildi
MA’MURIY JAVOBGARLIK BELGILANGAN
— Hozirgi davr jinoyat va ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchiligimizda qo‘shnilarning biror sabab bilan ziddiyatlarga borishiga alohida qilmish sifatida kvalifikasiya qilinmaydi. Biroq kelib chiqqan oqibatlarga qarab bir nechta xatti-harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 110-moddasi 1-qismida shaharlar va boshqa aholi punktlarida it va mushuk boqishning qoidalarini buzish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish choralarini ko‘rmaganlik hamda 2-qismida xuddi shunday huquqbuzarlik fuqarolarning sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelishi uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Mazkur modda havolaki norma hisoblanib, it va mushuk boqishning alohida shartlari Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi 202-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash Qoidalari”da ko‘rsatib o‘tilgan.
Unga muvofiq sanitariya-gigiyena va veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilish barcha it va mushuk boquvchilarning majburiy sharti hisoblanadi.
Barcha itlar quturishga qarshi emlash vaksinasi bilan profilaktik emlanishi shart bo‘lib, ko‘p qavatli uyning alohida kvartirasida qo‘shnilarning va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligi bilan bittadan ortiq bo‘lmagan itni va bitta mushukni saqlashga ruxsat beriladi. Alohida uyda itlarni saqlashga faqat bog‘langan holda, erkin sayr qildirishda - atrofi o‘ralgan hududda ajratilgan holda saqlashga yo‘l qo‘yiladi. Itlar ochiq joylarda sayr qildirilganda va turar joy binolarida itlarning egalari tinchlik saqlanishini ta’minlashlari – ertalab soat 8:00 gacha va kechqurun 22:00 dan keyin itlarning vovillashining oldini olishlari kerak.
Mazkur Qoidalar bilan quyidagi taqiqlar o‘rnatilgan:
ITLARNI SAYR QILDIRISHDA QANDAY TARTIBLAR O‘RNATILGAN?
— Itlarni sayr qildirishga quyidagi tartiblar o‘rnatilgan:
Ushbu Qoidalarning 24 va 25-bandlarida Qoidalarga rioya etilishini ichki ishlar organlari qonunchilikda belgilangan tartibda nazorat qilishi, Qoidalar buzilgan taqdirda belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilishi ko‘rsatilgan.
Shu sababli, sizga mazkur masalada hudud profilaktika inspektoriga murojaat qilishingiz tushuntiriladi.
O‘ktam QAXAROV, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi