Bugun 13 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Kun.uz ta’sischilaridan biri — Umid Shermuhamedov Xabardor.uz sayti kimga tegishliligini ochiqladi

A A A
Kun.uz ta’sischilaridan biri — Umid Shermuhamedov Xabardor.uz sayti kimga tegishliligini ochiqladi

Kun.uz ta’sischilaridan biri — Umid Shermuhamedov o‘zining Facebook sahifasida yozishicha, 2019 yil bahorida Xabardor.uz sayti Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli bo‘lgan guruhga sotilgan va bu sayt hamon shahar hokimiga tegishli bo‘lgan guruh tomonidan ishlatilmoqda.

Xabardor.uz kimga tegishli?

Umid Shermuhamedovning ma’lum qilishicha, xabardor.uz sayti 2014 yilda, hali Kun.uz’ga egalikni olishlaridan avval ochilgan. Keyinchalik asosiy e’tibor Kun.uz’ga qaratilgani bois, xabardor.uz uning soyasida, e’tibordan chetda qolib ketgan.

Bir necha yil avval Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning biznesini yurituvchi, uning kompaniyalari piari bilan shug‘ullanuvchi jamoa vakillari Kun.uz'ni sotib olish uchun Ortiqxo‘jayevning biznes imperiyasida (“Mediapark”, “Artel”) ishlab kelgan Umid Shermuhamedovning amakivachchasi — Aziz Shermuhammedov orqali aloqaga chiqishgan.

«Kun.uz’ni sotmasligimizni aytib, uning o‘rniga bizning jamoa tomonidan bir necha yil yuritilgan Xabardor.uz sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari taklif qilindi va yakunda kelishuvga erishildi», deb yozadi Umid Shermuhamedov.

O‘zaro kelishuvga erishilgach, 2019 yil boshida xabardor.uz sayti ularga (Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli bo‘lgan guruhga) sotilgan va saytning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari egaligi to‘liq hokimning jamoasiga o‘tgan.

Keyinroq Xabardor.uz saytiga egalik bir necha marta Ortiqxo‘jayevning bir xodimidan boshqasiga o‘tib yurgan, bir marta muvaffaqiyatsiz loyiha sifatida to‘xtatilgan ham, Umid Shermuhamedovning jiyani Aziz Shermuhammedov esa ayni paytda hokimning kompaniyalarida ishlamaydi. Ammo Xabardor.uz’ga egalik qiluvchi firmaning rekvizitlarida uning nomiga ochilgan elektron pochta qolib ketgan.

Xabardor.uz qayerda joylashgan?

«Xabardor.uz'ni hamon menga, ya’ni Umid Shermuhammedovga tegishli ekani haqida ig‘vo qilayotganlar unga muassislik qiluvchi firma (“High Networks” MCHJ)ning yuridik manziliga qaraganida, hammasini tushunib olgan bo‘lishardi — Toshkent shahri, Olmazor tumani, Beruniy ko‘chasi, 83-uy. Artelchilar «Tinchlik ofis» deb ataydigan bu joyni hokimning atrofidagilar juda yaxshi bilishadi. Bu binoning bir qismi “Mediapark”, yana bir qismi “Artel” kompaniyalarining ofislari hisoblanadi. Menga ma’lum bo‘lishicha, Xabardor.uz sayti uchun hozirda Texnoparkdan ofis qilib berishgan», deb yozadi Umid Shermuhammedov.

Kun.uz sotilmagan!

Umid Shermuhamedov Kun.uz egalari tarkibida o‘zgarish bo‘lmagani, sayt hech kimga sotilmaganini qat’iy ta’kidlagan. «Bu 100 foizlik aniqlikdagi ma’lumot! Qachondir bunday niyat tug‘ilsa ham, xaridor kam bo‘lmasligi tayin, shunday bo‘lgan taqdirda, bu haqda, albatta, rasman e’lon qilinadi», deya ta’kidlagan Umid Shermuhammedov.

Kiritildi: 23:48 18.02.2022. O'qildi: 7788 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!