"An-Nasr" forvardi Krishtianu Ronaldu zamonaviy futbolning eng yaxshi uch nafar futbolchisini e’tirof etdi.
"Men o‘zimni, Lionel Messi va Zinedin Zidanni eng yaxshi uch futbolchi ro‘yxatiga kiritgan bo‘lardim," - dedi Ronaldu Give me Sport nashriga bergan intervyusida.
Joriy mavsumda Ronaldu "An-Nasr" safida barcha musobaqalarda 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 28 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning klub bilan shartnomasi 2025 yilning yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor narxi 12 million yevroga baholanmoqda.
Messi ayni damda MLSning "Inter Mayami" jamoasida o‘ynamoqda. Zidan esa professional futbolchilik faoliyatini yakunlagan.