Portugaliya terma jamoasi va Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi hujumchisi, 41 yoshli Krishtianu Ronaldu son orqa qismidagi jarohatidan to‘liq sog‘aydi. Bu haqda insayder Fabrisio Romano va Marca nashri xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, portugaliyalik futbolchi 28 fevral kuni Saudiya Arabistoni chempionati doirasida «Al-Fayha»ga qarshi o‘yinda (3:1) jarohat olgan va uchrashuv so‘nggi daqiqalarida maydonni tark etishga majbur bo‘lgan edi.
Reabilitasiya kursini o‘tash uchun Ronaldu Madridga yo‘l oldi va u yerda shaxsiy fizioterapevti bilan ishladi. Jarohat sababli u «An-Nasr»ning bir nechta chempionat o‘yinlarini o‘tkazib yubordi, shuningdek Portugaliya terma jamoasining Meksika va AQShga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun qaydnomaga kiritilmadi.
Endi Ronaldu nafaqat «An-Nasr»ga chempionlik uchun kurashda yordam berishga, balki AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etishga ham tayyor. Portugaliya terma jamoasi K guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, unda Kongo DR, O‘zbekiston va Kolumbiya jamoalari ham bor.
Joriy mavsumda Ronaldu Saudiya Pro-ligasida 22 o‘yinda 21 ta gol urgan. Umuman olganda, u faoliyati davomida 965 ta gol muallifi bo‘lgan va 1000 ta gollik rekord ko‘rsatkichga yaqinlashishda davom etmoqda.