Kreml, Vashingtonda kechqurun yuz bergan aviakatastrofada halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etdi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi.
«Vashingtondan yomon xabarlar kelmoqda. Biz halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamda bu fojiada halok bo‘lgan vatandoshlarimizga chuqur ta’ziya bildiramiz», — dedi Peskov, uning so‘zlarini rossiyalik ommaviy axborot vositalari keltirmoqda.
Kreml vakili shuningdek, hozirda yuqori darajadagi aloqalar rejalashtirilmaganligini ta’kidladi. Xususan, Peskov Rossiya prezidenti Vladimir Putin aviakatastrofa bilan bog‘liq ravishda o‘zining amerikalik hamkasbi bilan ta’ziya almashish niyatida emasligini aytdi.
29 yanvar kuni Vashingtonning Ronald Reygan nomidagi aeroporti yaqinida havo hududida yo‘lovchi samolyoti va harbiy vertolyot to‘qnashdi. American Airlines aviakompaniyasining samolyotida 60 nafar yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj a’zosi, vertolyotda esa 3 harbiy bo‘lgan. To‘qnashuvdan so‘ng samolyot Potomak daryosiga qulab tushdi. Amerikalik ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, hozirgacha omon qolganlar haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.