Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Koronavirus dunyoda: Britaniyada kutilmagan karantin, Paragvayda namoyishlar, Yaponiyada xavotirli holat

Koronavirus dunyoda: Britaniyada kutilmagan karantin, Paragvayda namoyishlar, Yaponiyada xavotirli holat

Britaniyaning taxminan 4 million aholisi tongni yangi karantin rejimida qarshi oldi, Filippindan to Polshagacha bo‘lgan davlatlar esa rekord darajadagi kasallanish holatlari haqida xabar beryapti.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, sayyorada Covid-19 tashxisi tasdiqlanganlar soni juma kuniga kelib 17,5 milliondan oshib ketdi, qariyb 680 ming kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Eng ko‘p kasallanish holatlari AQShda - 4,5 mln kishi. Braziliya ikkinchi (2,6 mln), Hindiston uchinchi (1,6 mln), Rossiya (839 ming) to‘rtinchi o‘rinda bormoqda, deyiladi "KUN.uz" xabarida.

Britaniyada kutilmagan karantin

Britaniya hukumati jumaga o‘tar kechasi epidemiya bilan kurashish uchun to‘satdan Angliya shimolidagi 4 milliondan ortiq aholiga aloqador yangi cheklovlar kiritdi. 

Qirollik shimolidagi o‘nlab okruglar, xususan, Manchester va uning atrofiddagi tumanlar aholisi endilikda bog‘larda yig‘ila olmaydi, shuningdek, mehmonga borish taqiqlanadi. Pablar, restoran va boshqa joylarga faqat oila davrasida tashrif buyurish mumkin.

Cheklov taalluqli bo‘lgan tumanlar aholisi bundan ushbu tartiblar kuchga kirishiga 2,5 soat qolganda boxabar bo‘lishdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok o‘z qarorini izohlay turib virusni kuzatish ilovasi ma’lumotlariga ko‘ra, Covid-19 aksariyat hollarda turli oilalarning aynan shaxsiy uchrashuvlari orqali yuqayotgani haqida gapirdi. Shuning uchun vazirlik britaniyaliklarning muloqot doirasini ularning uylari va «qo‘llab-quvvatlash maydoni» bilan cheklashga qaror qilgan.

2,8 million aholiga ega Manchester meri Endi Bernhem jurnalistlarga intervyu berib, Angliyaning ushbu qismida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sezilarli ravishda yomon tomonga o‘zgarganligi uchun hukumatning qaroriga qo‘shilishini ta’kidladi.

«Biz bir hafta ichida deyarli barcha tumanlarda tashxislar sonining barqaror kamayishi holatidan 90 foiz hududda ularning ortishiga o‘tdik», - deydi u. 

Shanba kuni Angliyada karantin choralarining keyingi yumshatilishi rejalashtirilgandi. Biroq juma kuni maxsus brifingda chiqish qilgan Britaniya Bosh baziri Boris Jonson hozir «tormoz tepkisini bosish» zarurligini ma’lum qildi.

«Mamlakatda kasallanish darajasi ortgani sababli, karantin choralarini yumshatish 2 hafta keyinga surildi», degan u.

Bu orqali mamlakat ikkinchi to‘lqindan qochishga harakat qilmoqda.

Avstraliya va Hindistonda kasallik avj olishi

Avstraliyaning Viktoriya shtatida yangi kasallanish holatlari va o‘lim holatlari soni bo‘yicha rekord natija qayd etildi. Holbuki shtat markazi Melburnda 6 haftalik qat’iy karantin joriy etilgandi.

Hukumat so‘nggi bir kunda shtatda 723ta yangi zararlanish holati va 13 o‘lim holati qayd etilganini ma’lum qildi. Viktoriya bosh vaziri Deniyel Endryus koronavirus tufayli vafot etganlarning barchasining yoshi 70dan katta bo‘lganini ma’lum qilgan. 29 iyul kuni Avstraliyada pandemiya davrida kunlik o‘lim holatlari soni bo‘yicha eng yuqori natija qayd etilgan.

Payshanba kunidan Viktoriya shtatida to‘ylar va dafn marosimlari o‘tkazilishi cheklandi. Shtat aholisi yakshanba kunidan jamoat joylarida tibbiy niqobda yurishi majburiy bo‘ladi.

Avstraliyaning boshqa shtatlari Viktoriya bilan chegaralarni yopishgan, ammo bu shtatning turli nuqtalarida kasallik avj olishini to‘xtata olmayapti. Mamlakat Melburndagi vaziyatgacha kasallikni jilovlay olgan deb hisoblanayotgandi.

Hindistonda kunlik zararlanish holatlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi - 52 mingdan ortiq. Ayniqsa Maxarashtra, Tamilnad va Andxra-Pradesh kabi shtatlarda vaziyat og‘ir.

Mamlakat jami kasallanish holatlari bo‘yicha dunyo reytingida AQSh va Braziliyadan keyingi uchinchi o‘rinda turadi, bu yerda kasallanganlar soni 1,5 millionga yetgan. Hindiston Covid-19’dan o‘lim holatlari bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘ringa chiqdi. Payshanba kuni mamlakatda koronavirus tufayli 800 kishi vafot etgan va jami o‘limlar 35 mingdan oshgan.

Hindistonda mart oyi oxirida qat’iy karantin joriy etilgandi, iyun oyidan karantin bosqichma-bosqich yumshatilishi boshlandi. Chorshanba kuni hukumat karantin rejimi yana yumshatilishi haqida xabar qildi - 5 iyuldan sport zallari va mehmonxonalar ishlay boshlaydi.

Paragvaydagi tartibsizliklar

Paragvayda hukumat mamlakatning ayrim hududlarida karantin choralarini joriy etishi norozilik namoyishlariga olib keldi. Mamlakatdagi ikkinchi yirik shahar bo‘lmish Syudad-del-Esteda yuzlab kishilar ko‘chalarga chiqqan. Xabar qilinishicha, namoyishchilar do‘konlarni talagan, yuk mashinalariga o‘t qo‘ygan, polisiyachilarga hujum qilgan. To‘qnashuvlar natijasida bir qancha huquq-tartibot organlari xodimlari jarohatlangan.

Internetda tartibsizliklar aks etgan lavhalar tarqalgan.

Avvalroq Paragvay koronavirus bilan bog‘liq vaziyat nisbatan barqaror saqlanib turgandi, hukumat epidemiya tarqalishini jilovlagandi va shu vaqtgacha bu mamlakatda qayd etilgan holatlar soni 5 mingdan ko‘p emas.

Ammo chorshanba kuni hukumat markazi Syudad-del-Este bo‘lgan Alto-Parana departamenti virus tarqalishi o‘chog‘iga aylanganini ma’lum qildi, ushbu hududdagi shifoxonalarda bemorlarga joy qolmagan. Ushbu hudud kasallanish holatlari soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi bo‘lgan Braziliya bilan chegaradosh hisoblanadi.

Boshqa mamlakatlardagi vaziyat

Juma kuni Tokio gubernatori agar Covid-19 tarqalishi tezligi o‘sishda davom etsa, shaharda qaytadan favqulodda holat joriy etilishiga to‘g‘ri kelishi ehtimoli haqida ma’lum qildi.

Yaponiya poytaxtida juma kuni kasallanish holatlari kunlik sur’atida rekord darajadagi o‘sish qayd etildi - 450dan ortiq kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan. Payshanba kuni mamlakat kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha rekord qayd etilgandi.

Keyingi haftada Yaponiyada ayrim davlatlardan keluvchilarga taqiqlar bekor qilinishi mumkin. Ayni vaqtda Yaponiyada vaqtincha yashash huquqiga ega bo‘lgan 90 mingdan ortiq kishi mamlakatga kira olmaydi.

Kunlik tashxislar soni rekord darajada ortishi yana bir necha davlatlarda kuzatilmoqda - Polshada ketma-ket ikkinchi kunki, rekord o‘zgardi. Juma kuni bu mamlakatda 657ta yangi holat tasdiqlangan, bir kun avval - 615ta.

Polsha sog‘liqni saqlash vazirligi juma kuni yangi cheklovlar joriy etilishi masalasini ko‘rib chiqmoqchi. Shu kunlarda OAVda mamlakatda xorijdan keluvchilar tufayli ikki haftalik karantin joriy etilishi mumkinligi xabar qilingandi.

Filippinda ham shunga o‘xshash vaziyat. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi qatorasiga ikkinchi kun koronavirusdan zararlanish bo‘yicha rekord o‘sishni qayd etgan. Mamlakatda jami zararlanish holatlari soni 90 mingdan oshgan, kuniga 4 ming atrofida yangi holatlar tasdiqlanmoqda.

Vyetnamda koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi. Bahordan buyon qariyb yuz kun davomida birorta kasallik aniqlanmagan ushbu mamlakatda iyul oyi oxirida Danang shahrida yangi holatlar aniqlana boshladi, juma kuni bu yerda 45ta yangi holat qayd etildi va jami holatlar soni 509taga yetdi.

Hozircha kasallikning qayta avj olishi manbasi noma’lum. Shaharga mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligining yuzlab mutaxassislari virusga qarshi kurash uchun safarbar qilingan.

Hongkongda koronavirus tufayli mahalliy saylovlar bekor qilindi, bu haqda shahar meri Kerri Lam e’lon qildi. Hozircha aniq sana belgilanmagan. O‘tgan safar mahalliy saylovlarda muxolifat yaxshi natija ko‘rsatgandi, ammo o‘tgan vaqt ichida Pekin milliy xavfsizlik masalasida yangi qonun qabul qildi, unga ko‘ra dissidentlar ta’qib qilinadi. Yirik muxolifatchi tashkilotlar tarqab ketgan, namoyishchilar yetakchilari mamlakatni tark etishgan.

AQSh Vakillar palatasida tibbiy niqob taqilishi majburiy bo‘ldi. Spiker Nensi Pelosi bu tartibga amal qilmaganlar binodan chiqarib yuborilishi haqida ogohlantirdi. Niqobni faqat so‘zga chiqqan kongressmenlar yechib turishi mumkin. Quyi palatada ustunlik qiluvchi Demokratik partiya Kapitoliyga keluvchilarning barchasi uchun majburiy test joriy qilishni rejalashtirmoqda.

Braziliya mamlakatga samolyotda keluvchi xorijliklar uchun cheklovni bekor qildi. Bu taqiq to‘rt oydan buyon amalda edi. Hukumat o‘z qaroriga izoh bermadi, ammo tahlilchilarning fikricha, bu mamlakatning turistik sanoatidagi iqtisodiy inqiroz bilan bog‘liq. Shu bilan birga, Braziliyada kunlik kasallanish holatlari va o‘lim holatlari soni yuqoriligicha qolmoqda. Mamlakatda har kuni o‘n minglab yangi holatlar aniqlanmoqda va jami holatlar soni 2,6 milliondan oshgan. Shu vaqtgacha 91 mingdan ortiq braziliyalik koronavirus qurboni bo‘lgan.

Rossiyadagi vaziyat

Rossiyada so‘nggi bir kunda 5 482ta yangi zararlanish holati qayd etildi (bir kun oldin bemorlar soni 5 509taga o‘sgandi). Yana 161 bemor Covid-19 qurboniga aylandi (bir kun oldin - 129 kishi).

Pandemiya boshidan buyon jami holatlar soni 839 981taga yetgan, qurbonlar soni 13 963taga. Shu vaqtgacha 638 410 bemor tuzalgan, so‘nggi bir sutkada - 8 755 nafar.

Moskvada tibbiy niqob taqish majburiyligi nazorati kuchaytirilishi kutilmoqda. Biroz avvalroq kuzda ham niqob taqish majburiy bo‘lib qolishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Yamalo-Nenesk avtonom okrugi gubernatori Dmitriy Artyuxovning ham koronavirusga topshirgan testi musbat natija berdi. Yamalda har kuni o‘rtacha 100ta yangi holat qayd etilmoqda.

1 avgustdan Rossiyadan xalqaro aviareyslar tiklanadi. Hozircha uch mamlakatga parvoz qilish mumkin bo‘ladi - Turkiya, Britaniya va Tanzaniyaga.

Kiritildi: 04:00 01.08.2020. O'qildi: 4174 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!