Sud har qanday holatda fuqarolarning huquqlarini himoya qiluvchi, adolatli hukm chiqaruvchi tizim darajasiga yetgandagina mamlakat taraqqiyoti yoki demokratik jamiyat qurish haqida gapirish o‘rinli bo‘ladi. Oxirgi besh yil ichida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida mana shu haqiqat yotibdi. Ular qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi prinsiplarga asoslangan. Bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.
Bunga misol tariqasida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, odil sudlovning sifati va shaffofligini oshirish, «Xabeas korpus» institutini qo‘llashni kengaytirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganini keltirish mumkin.
Ma’lumki, mustaqil va xolis sudni talab qilish har bir insonning huquqi hisoblanadi. Bu huquq Inson huquqlari Umumjahon deklarasiyasining 10-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan boshqa xalqaro huquq hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Faqat mustaqil sudgina har bir fuqaroning ishini sudda xolis va oshkora ko‘rish orqali toptalgan haq-huquqlarni himoya qilishi mumkinligiga ishonch uyg‘ota oladi. Bu jihatdan Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilgan islohotlar sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga zamin yaratdi.
Sudlar mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashi tashkil qilindi. Shuningdek, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirilib, Oliy sud faoliyati takomillashtirildi. Hududlardagi xo‘jalik sudlari iqtisodiy sudlar sifatida qayta tashkil etildi, 71ta tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudiga ishlarni birinchi instansiyada ko‘rib chiqish vakolati berildi. Sudya lavozimida faoliyat yuritishning ilk marotaba besh yillik, keyin o‘n yillik muddati va muddatsiz davri belgilandi. Sudlarning o‘z moliyaviy, moddiy-texnik masalalarini mustaqil hal qilish borasidagi vakolatlari adliya organlaridan olinib, Oliy sudga o‘tkazildi. Sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytarish instituti bekor qilindi. Shaxsning jinoyat sodir etishdagi aybdorligi faqat sud muhokamasida o‘z isbotini topgan dalillarga asoslanishi kerakligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa zo‘ravonlik holatlari qat’iyan taqiqlandi.
Sudda ishlarni ko‘rib chiqishda inson huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini ro‘yobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi. Sudlar faoliyatining shaffofligi, ochiqligi yo‘lida 10 mingdan ortiq jinoyat ishi sayyor sud muhokamalarida ko‘rib chiqildi. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash va dastlabki tergovning eng yuqori muddatlari kamaytirildi.
Yana bir e’tiborga molik jihat shundaki, sud ishlarini yuritishda nazorat instansiyasi tugatildi. Sud tizimida ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali “Bir sud — bir instansiya” tamoyili, shuningdek, tumanlararo sudlarning qarorlarini viloyat sudlari tomonidan, viloyat sudlarining birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’ati tomonidan apellyasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ammo bu islohotlar sudlarning samarali faoliyati uchun yetarli emasligi sud-huquq tizimi bo‘yicha kelib tushayotgan shikoyatlardan ko‘rinib qoldi. Shuning uchun sudlar faoliyatiga oid alohida normalarni Konstitusiya darajasida mustahkamlashga qaror qilindi.
“Sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligi bevosita sudyalarning mustaqilligiga bog‘liq, – deb yozadi o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ekspert Kamila Alimova. – Shu sababli, Konstitusiyamizning 112-moddasida “Sudyalar almashtirilmaydi. Ularning vakolatlari faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra tugatilishi yoki to‘xtatilishi mumkin” deb mustahkamlanishi sudyalarning roziligisiz boshqa lavozimga yoki boshqa sudga o‘tkazilishi, ularning faoliyatiga aralashish, bosim o‘tkazish, ularning asossiz faoliyatini to‘xtatish yoki tugatish kabi xolatlarni bartaraf etish yo‘nalishida olib borilayotgan muhim qadamlaridan biri bo‘ladi”.
Oliy sudning yangi rahbariyati katta ishlar oldida turibdi. Ayni paytda butun tizimni qaytadan ko‘rib chiqish va xalq uchun adolat qo‘rg‘oni bo‘la oladigan sudlarni yaratishga erishish lozim. Shundagina qonun ustuvorligiga erishiladi, korrupsiya va tanish-bilishchilik kabi illatlar kamayib, iqtisodiyot rivojlanishi va aholi farovonligi sari qadam qo‘yiladi.