Bugun 2 avgust, 2025 yil, shanba

КИР

Komil Allamjonov o‘ziga bildirilgan tanqidlarga javob qaytardi: "Oyliklarni vaqtida beryapsizmi?"

A A A
Komil Allamjonov o‘ziga bildirilgan tanqidlarga javob qaytardi: "Oyliklarni vaqtida beryapsizmi?"

Oldinroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov matbuot uzoqqa bormasligi haqida gapirgan va bu gapi uchun tanqidlarga uchragandi. U o‘ziga bildirilgan tanqidlarga javob qaytardi.

Hurmatli, yuzlab jurnalistlarga oylik maosh to‘lab, ularning turmush tarziga mas’ul bo‘lgan bosma nashrlarimizning bosh muharrirlari! Meni rosa koyibsiz, dilingiz og‘riganini bildiribsiz. Lekin bitta savolga javob bering.

Qani aytingchi, bugun iqtisodiy ahvolingiz qanday? Jurnalistlarga o‘z vaqtida oyliklarni to‘lashga qiynalmayapsizmi? Qo‘l ostingizdagi halol va vatanparvar xodimlaringiz kelajagi haqida qayg‘uryapsizlarmi? Mana bir misol, ayni sharoitda gazetalarning qog‘oz variantini qanday qilib o‘qish mumkin? Uni tarqatish ham mumkin emas, mushtariylar ko‘chaga chiqishi ham mumkin emas. Hamma karantinda. Faqat biz emas, barcha tashkilotlar karantinda dersiz. Unday bo‘lsa o‘quvchilar yangilik va ma’lumotlarni qayerdan olishi kerak? Pandemiya vaqtida xalqni xavfdan kim ogoh etadi, kim aholi orasida targ‘ibot olib boradi? Albatta veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar yoki teleradiokanallar. Ular tinimsiz ishlab turibdi. Reklamadan ozmi ko‘pmi daromad qilishyapti, xodimlari ro‘zg‘orini tebratmoqda.

Aynan shu karantin davrida o‘quvchilaringiz allaqachon boshqa resurslarda. Ertaga Sizlarga obuna bo‘lgan minglab mushtariylar karantin davomida qog‘oz variantdagi gazetalarni olmaganliklarini, shu sababli ular bilan qayta hisob-kitob qilishingizni talab qilishsa, unda yanada og‘irroq iqtisodiy ahvolga tushib qolmaysizmi?

Gap bosma matbuotning yopilishi yoki gazetalarning tugatilishi haqida ketmayapti. Gap ularning axborotni aholiga qanday formatda yetkazishi haqida bormoqda.

Sizga da’vatim, imkon qadar tezroq zamonga moslashing, bosma nashringizni raqamlashtirish choralarini izlang. Xodimlaringiz taqdiriga befarq bo‘lmang. Aks holda moliyaviy ahvolingiz yanada qiyinlashishi mumkin. Achchiq haqiqat shuki, bugungi kunda butun dunyoda aynan bosma nashrlarning taraqqiyot strategiyasi o‘zgardi. Hattoki gazeta chop etadigan uskunalar ishlab chiqarilishi ham kamaytirilyapti. Manaman degan katta bosma nashrlar qog‘oz versiyasini butunlay to‘xtatib, onlayn formatga o‘tmoqda.

Masalan, 2 kun oldin Buyuk Britaniyaning The Weekly News nashri may oyidan boshlab qog‘oz variantda chiqishni butunlay to‘xtatishga qaror qilganini ma’lum qildi. Eng konservator va qadriyatlarini o‘ta qattiq hurmat qiluvchi inglizlar ham 165 yildan buyon chop etiladigan ushbu otaxon bosma nashrning qog‘oz variantidan voz kechib, yangi zamon talablariga moslashishni va onlayn formatga o‘tishni bugungi kunning eng to‘g‘ri qarori, degan fikrga kelgan. Yoki katta obro‘ va hurmatga ega bo‘lgan Newsweek, U.S. News & World Report va La Tribune nashrlari ham allaqachon butunlay qog‘oz formatdan voz kechib, onlaynga o‘tishgan. Bunaqa misollar juda ko‘p.

Xullas, maqsadim kimlarningdir dilini og‘ritish emas, barchamizga ko‘rinib turgan xavfdan Sizlarni ogohlantirish hamda biznes modelingizni qayta ko‘rib chiqish va zamonga moslashishni tavsiya qilishdir.

Kiritildi: 18:31 25.04.2020. O'qildi: 4463 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!