Bugun 6 may, 2025 yil, seshanba

КИР

“Kitobsevar millat” shiori ostida II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” tashkil etilmoqda

“Kitobsevar millat” shiori ostida II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” tashkil etilmoqda

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchisi sifatida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish belgilangan. Shundan kelib chiqib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shunga muvofiq Hukumat tomonidan ham keyingi yillarda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida “2022- 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 72-maqsadida aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish nazarda tutilgan.

Ma’lumki, Hukumatning 2020 yil 14 dekabrdagi 781-son qaroriga asosan 2021 yildan boshlab har yili aprel oyida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazilishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, 2022 yilning 18-23 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat markazlari hamda Toshkent shahrida Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan Yozuvchilar uyushmasi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assosiasiyasi hamda bir qator manfaatdor idora va muassasalar hamkorligida “Kitobsevar millat” shiori ostida II Respublika “Kitobxonlik haftaligitashkil etilmoqda.

Ushbu haftalikning asosiy tadbirlari, xususan, tantanali ochilish marosimi 18 aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar, turli taqdimotlar, kitob savdo ko‘rgazma-yarmarkalari, intellektual sovrinli viktorinalar “Magic City” istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tadi.

Mazkur Haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad:

- respublika aholisining, shu jumladan, yosh avlodning bilim olish, ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish, intellektual ehtiyojlarini qondirish, ularni yangilanayotgan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi g‘oyalari va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda kitobning roli va ahamiyatini kuchaytirish;

- o‘zbek adabiyotining yetuk namunalarini xorijiy tillarga hamda jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha erishilgan yutuqlarni ommalashtirish;

- har bir shahar, tuman, qishloq va mahallalarda, kitobxonlik madaniyatini, oilaviy kitobxonlik an’analarini targ‘ib qilish, yosh avlodni milliy adabiyotga, Ona-Vatanga yuksak muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shishdan iboratdir.

Haftalik doirasida:

- 100 dan ortiq nashriyotda so‘nggi yillarda nashr etilgan yangi kitoblarning taqdimotlari, o‘nlab taniqli, yosh va iste’dodli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, noshir va matbaachilar bilan muloqotlar bo‘lib o‘tadi;

- kitoblarning mazmun-mundarijasini boyitish, matbaa sifatini yaxshilash yuzasidan mualliflar, taniqli olimlar, yozuvchi va shoirlar, kitob grafikasi bo‘yicha mutaxassis rassomlar, munaqqidlar, noshirlar, matbaachilarning keng kitobxonlar ommasi bilan bevosita uchrashuvlari o‘tkaziladi;

- “Mehr kutubxonasi” ijtimoiy loyihasi amalga oshiriladi va bu orqali respublikamizdagi Mehribonlik va Muruvvat uylarining kutubxonalariga kitoblar taqdim etiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yil mart oyida oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlashga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, jurnalistika, filologiya, tarjimonlik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun “mehnat yarmarkalari” tashkil etiladi. Shu orqali ularning bandligini ta’minlashga, noshirlik sohasida “ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirishga va nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashga erishish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Haftalik doirasida “Noshirlik ishini yangi bosqichga olib chiqish, nashriyotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi amaliy seminar, “Kutubxonachilar va noshirlar hamkorligi”,Bolalar adabiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolari”ga bag‘ishlangan ochiq muloqotlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy-madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish ishlariga munosib hissa qo‘shgan, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan va mazkur yo‘nalishda yuqori natijalarga erishgan xodimlar “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, haftalik doirasida tashkilotchilar tomonidan eng faol nashriyotlarni turli nominasiyalar bilan taqdirlash, sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylarni, shuningdek, kitob targ‘ibotchilari va ijodkorlarni rag‘batlantirish ham rejalashtirilgan.

Tashkiliy qo‘mita:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi,

Toshkent sh., Navoiy ko‘chasi,30-uy. tel.: +(99871) 244-28-67,244-32-33.

Kiritildi: 14:28 15.04.2022. O'qildi: 6496 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!