Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, 12 oktyabr kuni Kiyevga Rossiya tomonidan ballistik raketalar bilan hujum qilinganidan oldin xalqaro hamkorlardan ogohlantirish kelmagan.
«Afsuski, bu hujum haqida hamkorlardan ogohlantirish bo‘lmadi. Rossiya ballistik raketalarni uchirgani haqidagi razvedka ma’lumotlari odamlar hayotini saqlab qolishga yordam beradi. Bu eng muhim masalalardan biri», – dedi Zelenskiy.
«Ukrainskaya pravda» nashrining xabar berishicha, 12 oktyabr kuni kechqurun Rossiya Kiyevga ballistik raketalar bilan zarba bergan. Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya hududidan raketalar uchirilgani haqida oldindan axborot kelib tushmagan. Raketalar radiolokasiya vositalari orqali Kiyevga hujum boshlanganidan keyingina aniqlangan.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari vakili Yuriy Ignat razvedka ma’lumotlari turlicha bo‘lishini ta’kidladi. Uning aytishicha, AQSh va NATOning boshqa davlatlari sun’iy yo‘ldosh aloqasi orqali Ukrainaga dushman strategik aviasiyasi, Qora va Kaspiy dengizlaridagi harbiy kemalar faolligi hamda ballistik raketalar uchirilishi haqidagi ma’lumotlarni uzatib turadi.
Biroq ba’zan bunday axborot o‘z vaqtida yetib kelmasligi mumkin. Ignat bu kabi holatlar avval ham kuzatilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, muammoning sabablari Ukraina mutaxassislari va xalqaro hamkorlar tomonidan birgalikda o‘rganilishi, ehtimoliy texnik nosozliklar bartaraf etilishi kerak.
Hozircha Kiyevga hujumdan oldin ogohlantirish kelmaganining aniq sababi ma’lum qilinmagan.