JSST yangi pandemiya xavfi haqida ogohlantirdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreesus yangi nafas yo‘llari patogenining paydo bo‘lishi COVID-19 pandemiyasiga o‘xshash global oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda u Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Gebreesusning ta’kidlashicha, yangi nafas yo‘llari patogenining paydo bo‘lishi va uning keng tarqalishi JSST uchun jiddiy xavotirlardan biridir.
«Keyingi pandemiya “agar” emas, balki “qachon” masalasidir», deya ta’kidlagan JSST rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi pandemiya aynan qachon va qanday patogen sabab yuz berishi noma’lum. Shu sababli mamlakatlar ehtimoliy epidemiyalarga tayyorgarlik ko‘rishi va sog‘liqni saqlash tizimlarining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini kuchaytirishi zarur.
JSST rahbari Kongo Demokratik Respublikasida davom etayotgan Ebola epidemiyasini ham misol sifatida keltirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday epidemiyalar yuqumli kasalliklar istalgan joyda va istalgan vaqtda paydo bo‘lishi, keyinchalik esa qo‘shni davlatlar va boshqa hududlarga tarqalishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Gebreesus yangi pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rish nafaqat alohida mamlakatlar, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham muhim vazifa ekanini ta’kidlagan.