Bugun 14 sentyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Keldiyorova “katta leytenant”, Osipova esa “leytenant” bo‘ldi

Keldiyorova “katta leytenant”, Osipova esa “leytenant” bo‘ldi

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan bir guruh harbiy xizmatchi va xodimlari hamda ularning murabbiylarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirni mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov so‘z bilan ochib berib, unda sport xalqlarni birlashtiruvchi, do‘stlikni mustahkamlovchi, har qanday mamlakatni dunyoga tez tanituvchi sohalardan biri ekanligini alohida qayd etdi.

Xususan, Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning dunyo hamjamiyatida Yangi O‘zbekistonni mavqeini mustahkamlash borasida olib borayotgan oqilona siyosatlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri ham sportni rivojlantirish, aholining sport bilan shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgani ta’kidlandi.

Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi olimpiyada o‘yinlarida mamlakatimiz terma jamoasi 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egallaganligi, Mudofaa vazirligi sportchilari ushbu nufuzli musobaqada 2 ta oltin va 1 ta kumush medallarini qo‘lga kiritgani e’tirof etildi va mudofaa vazirining tegishli buyrug‘i bilan ular taqdirlandi.

Xususan, -52 kg vazn toifasida dzyudo sporti bo‘yicha ayollar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi tarixida ilk oltin medal sohibasi Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi leytenant Diyora Keldiyorovaga muddatidan oldin navbatdagi «katta leytenant» harbiy unvoni topshirildi. Shuningdek, u «To‘maris» ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlandi.

-68 kg vazn toifasida taekvondo sporti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi tarixida ilk ikki karra Olimpiada oltin medal sohibi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi kichik serjant Ulug‘bek Rashitov boshlang‘ich ofiserlik «leytenant» harbiy unvoni bilan taqdirlandi.

Taekvondo sporti bo‘yicha ayollar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi ilk kumush medal sohibasi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sport bo‘limi sportchisi kichik serjant Svetlana Osipovaga ham boshlang‘ich ofiserlik «leytenant» harbiy unvoni topshirildi. Bundan tashqari, u «To‘maris» ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlandi.

Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishdagi faolligi hamda xamkorligi uchun Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi o‘qituvchi treneri – Qurolli Kuchlar xizmatchisi Xan Pavel Afanasevich ikki xonali uy bilan;

-57 kg vazn toifasida boks sporti bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda matonat va jasorat ko‘rsatganligi uchun Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sport bo‘limi sportchisi – oddiy askar Turdibekova Sitora Shavkat qizi «To‘maris» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Boks federasiyasi bosh murabbiyi Qilichev To‘lqin Maxmurovich, boks bo‘yicha ayollar Bosh murabbiyi Rasulov Elshod Yunusovich, Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi o‘qituvchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Xasanov Akmal Yo‘ldashevich mudofaa vazirining «Malakali ustoz» ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.

Bundan tashqari, mudofaa vazirining buyrug‘i bilan qolgan harbiy xizmatchi, Qurolli Kuchlar ishchi, xizmatchilari va murabbiylar ham joylarda tantanali ravishda taqdirlanishi belgilandi.

Kiritildi: 18:10 30.08.2024. O'qildi: 2799 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!