Bugun 10 may, 2025 yil, shanba

КИР

Kelasi yili ham O‘zbekiston-Britaniya universitetlari forumi bo‘lib o‘tadi

Kelasi yili ham O‘zbekiston-Britaniya universitetlari forumi bo‘lib o‘tadi

20 noyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov va Vestminster universiteti (London) prezidenti Piter Bonfild o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida tomonlar Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetining faoliyati va uni yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar. Respublikamiz oliy ta’lim tizimida Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi qo‘llanilishini yanada kengaytirish jarayonida Vestminster universitetining ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.

Piter Bonfild kuni kecha bo‘lib o‘tgan Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetining bitiruvchilariga diplomlar topshirish marosimidan olgan iliq taassurotlari bilan bo‘lishdi. “Bitiruvchilarimiz Vestminster universiteti diplomi bilan mamlakatdagi yirik kompaniya va tashkilotlarda faoliyat yuritmoqdalar, mustaqil tarzda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqdalar. Albatta, biz ta’lim bergan bitiruvchilar mehnat bozorida o‘zining munosib o‘rnini topishi biz uchun muhimdir,” – deya ta’kidlab o‘tdi Bonfild.

Ma’lumot uchun, 2022/2023-o‘quv yilida Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetini jami 1200 nafar talaba bitirib, Buyuk Britaniyaning Vestminster universiteti diplomini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, muzokarada Vestminster universiteti bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari qatorida O‘zbekiston universitetlari reytinglarini yanada yaxshilashda ekspertlik maslahatlarini berish, respublika universitetlarining ingliz oliy ta’lim muassasalari bilan yanada yaqinlashuvida ko‘maklashish taklif etildi.

Suhbat yakunida joriy yil 2–3-mart kunlari Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Britaniya universitetlari forumining samarali natijasini e’tirof etgan holda, uni 2024-yilda ham tashkil etishga kelishildi.

Ma’lumot o‘rnida, Vestminster universiteti Buyuk Britaniya Ta’lim vazirligi tomonidan yuritiladigan “Teaching Excellence Framework – TEF” universitetlarda o‘qitish sifatini baholash tizimida joriy yilda “kumush” darajasida, ya’ni juda yuqori sifatli deb baholangan.

Kiritildi: 13:38 21.11.2023. O'qildi: 1009 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!