Bugun 22 sentyabr, 2019 yil, yakshanba

КИР

Karimov Xonobod bazasidan foydalanish uchun AQShga nega ruxsat bergan?

Karimov Xonobod bazasidan foydalanish uchun AQShga nega ruxsat bergan?

Bundan 18 yil avval, 2001 yil 11 sentyabr kuni AQShda 3000 ga yaqin inson hayotiga zomin bo‘lgan fojia – tarixdagi eng mudhish terrorchilik hujumi ro‘y berdi. 
 
Xudkush qo‘poruvchilar to‘dasi to‘rtta yo‘lovchi samolyotini garovga oldi, ularning ikkitasi Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi joylashgan 110 qavatli egizak binolarga borib urildi, uchinchi samolyot AQSh Mudofaa vazirligining Vashingtondagi binosiga, to‘rtinchisi esa Pittsburg shahridan 80 mil nariga qulagandi.
 
Ushbu dahshatli voqea, ta’bir joiz bo‘lsa, dunyoni ostin-ustun qilib yubordi.
 
Xalqaro koalisiya kuchlari tomonidan Afg‘onistonda aksilterror operasiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda esa O‘zbekistonning qo‘llab-quvvatlashi muhim rol o‘ynadi. 

1989 yili Afg‘onistondan sovet qo‘shinlari chiqib ketgach, O‘zbekiston ushbu mamlakatdan yoyilayotgan tahdidlarga qarshi yolg‘iz o‘zi kurashishga majbur bo‘lganini inobatga olmoq lozim. 1997 yili toliblar O‘zbekiston sarhadlariga yaqin kelib, mamlakatning chegara shahri – Termizning aholi yashash mavzelariga raketa otib, ochiq-oshkora tahdid solgan paytda ham yosh O‘zbekiston davlatiga chegarani mustahkamlash va mudofaa qobiliyatini oshirish borasida hech kim amaliy yordam ko‘rsatmagan.
 
Ta’kidlash joizki, o‘sha kezlar Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlaridagi dunyoviy tuzumlarni ag‘darib, diniy fundamentalizm tamoyillariga asoslangan boshqaruvni o‘rnatishga harakat qilgan radikal kayfiyatdagi jangarilar tayyorgarlikdan o‘tadigan asosiy markazlardan biri edi. Mazkur kuchlar O‘zbekistonda terrorchilik aktlarini sodir etgan, qo‘shni Tojikistondagi fuqarolar urushida ham qatnashgan edi. Bu jihatdan, 1990-yillarda “Tolibon” rejimiga qarshi tura oladigan asosiy kuch sanalgan “Shimoliy alyans” tor-mor etilgach, mutaassib jangarilar vaqt o‘tishi bilan Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonda faol harakat boshlashi kundek ravshan edi.
 
Bularning barini hisobga olgan O‘zbekiston Hukumati “kimning qo‘li baland kelarkan” deya tomoshabin bo‘lib turmadi, bil’aks, qo‘shni mamlakatdagi terrorchilar o‘chog‘iga aylangan barcha lagerlarni yopishga va’da bergan xalqaro koalisiya kuchlariga baholi qudrat yordam ko‘rsatdi.
 
2001 yil 30 sentyabr va 5 oktyabr kunlari AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Tommi Frenks hamda AQSh Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Toshkentga kelib, mamlakatning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashdi. 
 
Erishilgan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston janubidagi Qarshi-Xonobod aerodromi AQSh boshchiligidagi xalqaro koalisiyaga aksilterror operasiya o‘tkaziladigan muddatga berildi. Aerodrom orqali Afg‘oniston aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish, qo‘shinning frontorti ta’minoti, shuningdek, qidirish hamda qutqarish operasiyalari kabi chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi.

Ushbu muzokaralardan ikki kun o‘tib, 2001 yilning 7 oktyabrida AQSh Prezidenti “Enduring Freedom” (Davomiy hurriyat) xarbiy operasiyasining boshlanishini e’lon qiladi.

Manba: qalampir.uz

Kiritildi: 14:35 11.09.2019. O'qildi: 6016 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi, va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!