Bugun 24 noyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Karantin davrida axborot tizimlaridan maqsadli foydalanish juda muhim

Karantin davrida axborot tizimlaridan maqsadli foydalanish juda muhim

 “COVID-2019” virusini oldini olish bo‘yicha joriy etilgan karantin davrida amal qiluvchi “o‘zini yakkalash” (samo izolyasiya) hayot tarzida “internetdan foydalanish” aholining uydan chiqmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan mashg‘ulotlaridan biri bo‘lib qoldi.

Bugungi globallashuv davrida jamiyatdagi har bir shaxsning axborot olishga bo‘lgan ehtiyoji ortgani sari butun jahon axborot makonidagi ma’lumotlar ham shunga muvofiq shakllanib, o‘sib bormoqda. Bu borada butun jahon axborot makoni hisoblangan internet tarmog‘idagi veb-ma’lumotlar bazasi va ulardan foydalanuvchilar auditoriyasi ham borgan sari oshib bormoqda.

Statistik ma’lumotlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, yil boshidan butun dunyoning 4,5 mlrd. dan ko‘p aholisi tomonidan internetdan foydalanildi hamda shundan 3,8 mlrd. ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga to‘g‘ri keladi (“web-canape.ru” saytining 18.04.2020 y.dagi ma’lumotlariga asosan).

Shuningdek, “sof.uz” veb-saytida keltirilgan ma’lumotlarga asosan, joriy yilda Internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 22 mln.dan ortganligini, shundan mobil Internet foydalanuvchilari soni 19 mln.ni tashkil etganini ko‘rsatish mumkin.

Mamlakatimizda fuqarolarning axborotga bo‘lgan huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar bazasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ularga asosan har shaxsning qonun doirasida tegishli ma’lumotlardan foydalanishi mumkin. Xususan, ushbu huquqiy asoslardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 24 apreldagi “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi va 2003 yil 11 dekabrdagi “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirining 2018 yil 21 maydagi “Ma’lumotlarni uzatish tarmog‘i, shu jumladan internet xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 173-son buyrug‘ini keltirish mumkin.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, mamlakatimizda har bir fuqaroning axborot olish xuquqi kafolatlanadi va har kimning axborotni izlash, olish, tadqiq etish, uzatish va tarqatish huquqi davlat tomonidan himoya qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, axborot resurslaridan foydalanuvchilar axborot resurslaridan erkin foydalanishda teng huquqlarga ega, erkin foydalanilishi cheklab qo‘yilgan axborot resurslari bundan mustasno.

Mazkur Qonunning 121-moddasida veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o‘chirib tashlashi shartligi belgilangan.

Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash o‘rinli, ya’ni koronavirus pandemiyasi davrida davlat tomonidan mavjud bor e’tibor va say-harakatlar mamlakatda “sog‘lom muhit” va “moliyaviy va iqtisodiy barqarorlik”ni saqlab qolishga qaratilgan bir vaqtda hamda  aholini “uydan chiqmasdan” ko‘p vaqtini internet tarmog‘ida o‘tkazishi, diniy-ekstremizm va terrorizm hamda boshqa buzg‘unchi g‘oyalar targ‘ibotchilari ta’siri tushib qolishining ehtimoli yuqori. 

Bunda, diniy-ekstremizm va terrorizm oqimiga tushishga moyilligi yuqori bo‘lgan aholi toifasi (voyaga yetmagan yoshlar, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolar, muqaddam sudlanganlar, pulga muhtoj bo‘lgan vaqtincha ishsizlar) buzg‘unchi g‘oya targ‘ibotchilari tomonidan aynan internet tarmog‘i orqali o‘zlariga keng jalb etilishi mumkin. 

Shulardan biri sifatida, voyaga yetmagan yoshlarni “kiberbulling” deb atalgan hamda bugungi kunda ommalashgan internet tahdidiga yo‘liqishidir. “Kiberbulling” tushunchasiga to‘xtaladigan bo‘lsak,  ushbu tushuncha “elektron zaharlash” ma’nosiga ega. Ya’ni, bu zaharlashni shunday bir turiki, muayyan guruh yoki shaxs tomonidan qasddan elektron vositalar(internet, sms, ijtimoiy tarmoqlar)dan foydalangan holda ma’lum vaqt davomida va tizimli ravishda agressiv harakatlarni amalga oshirishidir.

Bunga misol sifatida, shaxsni qo‘rqitish va ruhiy kamsitish, jismoniy va ruhiy terror qilish. Shuningdek, “Kiberbulling” internet va boshqa ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda voyaga yetmagan yoshlarni agressiyaga va boshqalarni haqorat qilishga da’vat etuvchi axborotlardir.

Pandemiya davrida “uydan chiqmagan holda” ota-onalar o‘z farzandlarini shunday turdagi kiber-tahdidlardan himoya qilishlari, ularning elektron qurilmalarini tizimli ravishda nazorat qilishlari lozim.

Shu bilan birga, o‘quvchi-talaba yoshlarga internet va ijtimoiy tarmoqlaridan o‘rinli va oqilona foydalanishni, ma’lumotlar bilan ishlashda ularning mazmunini tanqidiy tahlil qilishni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Xulosa o‘rnida, koronavirus pandemiyasi davrida “uyda o‘tirgan” va bo‘sh vaqtining aksariyat qismini internet va ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazuvchi aholini chetdan keluvchi har xil yot-buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolishini oldini olish maqsadida, vakolatli davlat idoralari tomonidan OAV, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilishini kuchaytirish hamda internet va ijtimoiy tarmoqlardagi qonunga zid bo‘lgan ma’lumotlarni aniqlash va o‘z vaqtida “bloklash” harakatlarini aholiga masofaviy-tushuntirish ishlarini amalga oshirish maqsadga muvofiq.

 

Dildora BAZAROVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti

professori

Kiritildi: 15:04 22.04.2020. O'qildi: 3460 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!