Bugun 16 yanvar, 2026 yil, juma

КИР

Kanada Xitoy bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi

Kanada Xitoy bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi

Kanada bosh vaziri sakkiz yil ichida ilk bor Xitoyga rasmiy tashrif bilan keldi. Pekinda XXR raisi va Xitoy Kommunistik partiyasi Bosh kotibi Si Szinpin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Mark Karni ikki davlat o‘z munosabatlarini yangidan shakllantirish niyatida ekanini bildirdi. Xitoyning Xinhua axborot agentligi xabariga ko‘ra, Kanada mustahkam va barqaror strategik hamkorlikka intilayotganini ma’lum qildi. Maqsad — har ikki mamlakat xalqlari farovonligini oshirish. Hamkorlik savdo, energetika, qishloq xo‘jaligi, moliya, ta’lim va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohalarida kengaytirilishi rejalashtirilgan.

Si Szinpin, shuningdek, u va Karni o‘tgan yilning oktyabr oyida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan ATES sammiti doirasida uchrashganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan o‘sha paytda tomonlar hamkorlikni qayta tiklash bo‘yicha faol muhokamalarni boshlagan.

Mazkur tashrif AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan har ikki davlatga nisbatan bosim kuchayib borayotgan bir paytda amalga oshdi. Bunga qadar Ottava va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar sovuqqon edi: 2018 yilda AQSh talabi bilan Kanadada Huawei kompaniyasining moliyaviy direktori Men Vanchjou hibsga olinishi Xitoyning keskin javobiga sabab bo‘lgan (ikki nafar kanadalik fuqaro qo‘lga olingan) va shundan buyon taranglik saqlanib kelmoqda.

Kanada bosh vaziri Mark Karni Xitoyga yetib kelganidan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:
«Bora-bora parchalanib va beqaror bo‘lib borayotgan dunyoda biz ushbu munosabatlarni yangilashga hamda yanada mustahkam umumiy kelajak ustida ishlashga e’tibor qaratmoqdamiz».

Kiritildi: Bugun 16:40. O'qildi: 271 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!