Mamlakat Bosh vaziri Mark Karni Ottava erkin savdo bo‘yicha muzokaralarda Qo‘shma Shtatlarning "shartlarini qabul qilmasligini" va o‘ziga nisbatan talablar qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi.
Hozirda ikki davlat o‘rtasida USMCA (Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvi) shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha jiddiy kelishmovchiliklar mavjud. Vashington Kanadadan sut mahsulotlari kvotalari va AQSh spirtli ichimliklari mahsulotlariga qo‘yilgan bojlar masalasida sezilarli yon berishni talab qilib, hatto majburiy choralar qo‘llash bilan tahdid qilmoqda.
Shunga qaramay, Kanada tomoni ayrim masalalarda yechimlar borligini, lekin ular faqat keng qamrovli va o‘zaro manfaatli kelishuvning bir qismi bo‘lishi mumkinligini bildirdi. USMCA kelishuvini qayta ko‘rib chiqish muddati 1 iyulgacha etib belgilangan bo‘lsa-da, tomonlar ushbu muddat ichida yakuniy to‘xtamga kelish ehtimoli pastligini tan olmoqdalar. Agar kelishuvga erishilmasa, shartnoma 2036 yilda tugagunga qadar har yili qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.