Edmontonda O‘zbekiston va Kanada terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi kuchli yomg‘ir ostida o‘tishi mumkin, deb xabar bermoqda Sports.kz nashri Edmonton Journal manbasiga tayanib.
Nashr yozishicha, jahon chempionati oldidan Kanada terma jamoasining Edmontondagi xayrlashuv o‘yini ob-havo sabab jiddiy sinovga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
Keltirilishicha, shanba kuni ertalab Kanada davlat gidrometeorologiya xizmati yog‘ingarchilik bo‘yicha prognozni oshirib, «sariq» darajada ogohlantirish e’lon qilgan. Kuchli yomg‘irlar kechqurundan boshlanib, chorshanba tonggigacha davom etishi mumkin. Edmonton atrofida 50 dan 100 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilishi kutilmoqda.
Dushanba kuni havo harorati kun davomida bor-yo‘g‘i 11 darajagacha ko‘tarilishi, kechqurun esa, erkaklar terma jamoalari ishtirokidagi Kanada – O‘zbekiston o‘yini deyarli to‘lib turgan «Commonwealth» stadionida boshlanadigan vaqtda, taxminan 9 daraja atrofida bo‘lishi aytilmoqda.
«Shunday sharoitda, maxsus ushbu o‘yin uchun “Commonwealth” stadioniga o‘rnatilgan vaqtinchalik tabiiy gazon shuncha miqdordagi yog‘ingarchilikka qanday chidam ko‘rsatishi savol ostida qolmoqda», — deya ta’kidlaydi portal.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 26 may kuni Toshkentdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys orqali Nyu-Yorkka yetib kelgan. Jahon chempionatidagi debyut oldidan Fabio Kannavaro shogirdlari ikki o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi: 2026 yil 1 iyunda Edmontonda Kanadaga qarshi, 8 iyunda esa Nyu-York shahrida Niderlandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushishi rejalashtirilgan.