Kanada hukumati mamlakatda noqonuniy migrasiya va jinoyat oqimini cheklash maqsadida yangi, qattiqroq migrasiya qonun loyihasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, boshpana so‘rovlari cheklanishi va migrasiya arizalarini ko‘rib chiqish vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
Immigrasiya vaziri Lena Diab ma’lum qilishicha, «Qattiq chegaralar to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasi migrasiya tizimini mustahkamlash, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ olib kirilishini to‘xtatishga qaratilgan. Unga asosan polisiyaga AQSh bilan chegarani nazorat qilish bo‘yicha ko‘proq vakolat beriladi.
Qonunga ko‘ra, Kanadada bir yildan ortiq yashagan shaxslar boshpana so‘rash huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin. Shuningdek, hukumatga pochtalarni ochib tekshirish, pul o‘tkazmalari va katta summadagi naqd operasiyalarni cheklash vakolati ham beriladi.
Tanqidchilar bu chora-tadbirlar fuqarolik erkinliklariga zid ekanini ta’kidlamoqda. Hujjatda 7300 dollardan ortiq pul operasiyalari va uchinchi shaxs hisoblariga o‘tkazmalar ham cheklanishi nazarda tutilgan.
Sobiq Bosh vazir Jastin Tryudo hukumati iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida vaqtincha ishchilar va talabalarni qabul qilgan edi. Ammo oxirgi paytlarda Kanadada boshpana so‘rovlari keskin ko‘payib, arizalarni ko‘rib chiqish ikki yilgacha cho‘zilmoqda.
Aprelda o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozongan yangi Bosh vazir Mark Karni migrasiya darajasini barqarorlashtirishni va’da qilgan edi. Yangi qonunga ko‘ra, hukumat jamoat salomatligi yoki milliy xavfsizlikka tahdid bo‘lganda, arizalarni ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatishi mumkin.