Bugun 3 aprel, 2026 yil, juma

КИР

Kampirlar taktikasi

A A A
Kampirlar taktikasi

 

Chaqaloq yig‘lamasa, onasi emizmaydi. Bu bor gap. Ammo vaqti kelib onalar yig‘lamasa, bolalari pul bermay qo‘yadi. Axir, onaizorga har bayramda berilgan o‘n-o‘n besh ming nima bo‘ladi?

Shuning uchun ham Arafat buvi buning yo‘lini o‘ylab topdi-da.

Bir kuni rostdan ham boshi og‘rib hovlining bir burchagidagi kulbasida yotsa, tushga yaqin Buxoroda yashaydigan katta o‘g‘li kelib qoldi. Qo‘lidagi xaltachalarda bozorlik. Uzum, to‘rtta non. Hamisha shunaqa, o‘g‘illari elliklardan oshib ketgan, xotinlari ham allaqachon qaynona bo‘lib, kelinlarining joniga tegib bo‘lishgan, ammo shu — bir kilo uzum, to‘rtta nondan nariga o‘tishmaydi. Ba’zida cho‘ntaklarini xushlamay kovlab, o‘n-o‘n beshni tashlab ketishadi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bu shuncha g‘avg‘osi bor kampirga nima bo‘ladi? Kenjatoyi endi qirq to‘rtga to‘ldi. Hali bir qizi chiqarilmagan, buning ustiga, sirtdan o‘qiydi... Bittayu-bitta arzandasi endigina universitetning birinchi bosqichini bitirgan bo‘lsa. Unga hali yana uch yil o‘n milliondan pul topish kerak... Kenjatoyning o‘zi esa biror joyda ishlamaydi. Kelin bo‘lsa, hamsoyalardan mevamidi, sut-qatiq, tuxummidi, yig‘ib, G‘ijduvonga oborib sotib keladi. Oliy ma’lumotli bo‘lish dardidan nafaqa tushadigan plastik ham allaqachon konfiskasiya qilingan. 

Kampir bechora nima qilsin? Shaharlik nabiralari ham o‘qishyapti, ularning dardi-xarajatiga durust joylarda ishlayotgan ota-onalari kafil. Kenja ishsiz, kambag‘al bo‘lsa, bolalari o‘qimasligi kerakmi? Ota-onasining ahvoli bu bo‘lsa. Kampir shu dardda ham bosh og‘riq bo‘lib yotganda katta o‘g‘li Nasri kelib qoldi, ochiq derazadan bosh suqib, o‘zicha komediya qildi:

— Assalomu aleyko‘m, otamning xotinlari!

Kampir qovog‘ini ochmadi. Aslida o‘rnidan irg‘ib turgisi, uni quchib o‘pib-o‘pib olgisi kelardi. Biroq, el burutdan bunday qilsa bo‘lmaydi-da. Ertaga kenjaning o‘g‘lini o‘qishga jo‘natish kerak.

Ona!.. Onajon... Sizga nima bo‘ldi?!

U yugurib dahliz tomondan kirdi. Kampir go‘yo o‘layotgandek ingradi:

— Bolam... Bolajonim.

O‘g‘ilning ko‘ziga yosh keldi. Xullas, bu yog‘ini o‘zingiz tasavvur qilavering. Odatda, nari borsa yigirma berib ketadigan katta o‘g‘ildan ikki yuz olib qolindi va bu pul kenjaning o‘g‘liga shundoqqina o‘ynab-kulib topshirildi. Kampirning yana hurmati oshib ketdi. Bo‘ldi, kelin uni kamida bir oy boshiga ko‘tarib «oyijonlay»di.

Kampir gohida xuddi oldida birov o‘tirgandek inqillab telefonni qo‘liga oladi. Yaramasgina Sanjar... mana, o‘n yetti kunki, na keladi, na qo‘ng‘iroq qiladi, xotinining quli bo‘lib olgan... Axir, o‘g‘il degan ham shundaylar bo‘larmi!..

Ikki gudokdayoq Sanjar javob qiladi:

— Iya! O‘zimning onajonimmisiz? Adashmadingizmi, xonim afandim?

Narigi tomondan onasining «o‘lim oldi»dan qilgan nolasi eshitiladi:

— Mandan rozi bo‘l, bolajonim!..

— Onajon! Sizga nima bo‘ldi?! Yana yurakmi?!!

Qanaqa yurak! Yurak otnikidek. Kampir kulimsirab, ko‘ziga yosh oladi:

— San o‘sha, megajiningni boq! Onang o‘lib ketaversin!..

Shu gapni aytib telefonning qizilini bosib yuboradi. Qizil bosildimi, tamom. Sanjar yana o‘n marta nomer termaydimi... Bu tavallolar o‘tmaydi. Sanjar po‘rim moshinasida yarim soatga qolmay uchib keladi. Kenja o‘g‘li ham hayron, onasi ertalab do‘mbillabgina yurgan edi...

Sanjar xotinidan yashirib yurgan besh yuzni onasiga tashlab ketadi. O‘zi  shifoxonaga obormoqchi bo‘ladi. Onaizor ko‘nmaydi: «O‘zim muolajalarni qildiraman, yaxshi hamshira, do‘xtirlar shu yerdayam to‘lib yotibdi...»

Goho qizlarga ham navbat keladi...

— Ha, o‘sha ho‘kizingni xizmatini qilib yuribsanmi? Sanlarga ona kerakmi? Bilmadim nechchi kunligim qoldi... Qasr qurganlaring bilan jannati bo‘larmidilaring!..

Qizlar ham navbati bilan kelib ketishadi. Kampir oyog‘ini bosolmay qolgan... uni hojatga ko‘tarib oborishadi. Oxiri, kenjatoy onasining turli kasalliklari sababini tushunib qoldi va... bu kasalliklar unga ham yoqib qoldi. Agar ona kasal bo‘lishni yodidan faromush qilib, hafta o‘tkazib yuborsa, kenja o‘g‘il va xotini eslatishadi.

— Oyijon, ishqilib yaxshi yotib turdingizmi, kechasi bilan aksa urib chiqdingiz?.. Buni ustiga deng, Gul­asalning keyingi hafta imtihoni boshlanar ekan... Sigir o‘lgur sutini quritdi, buyam kamday pomidorning barglari qurib, to‘kila boshladi...

Demak, kampirning kasal bo‘lishi kerak payti bo‘libdi. Kampirni birdan yo‘tal tutadi, qo‘liga telefonini oladi...

Mahmud BO‘RON

Manba: od-press.uz

Kiritildi: 07:30 01.10.2019. O'qildi: 6878 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!