AQSh janubidagi Kaliforniya shtatida davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari oqibatida yetkazilgan zarar taxminan 250-275 milliard dollarni tashkil etmoqda. Bu haqda The Washington Post gazetasi AccuWeather ob-havo ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
AccuWeather avvalroq yong‘inlar 135 milliard dollardan 150 milliard dollargacha iqtisodiy zarar keltirganini taxmin qilgan edi.
"Bu allaqachon Kaliforniya tarixidagi eng yomon o‘rmon yong‘inlaridan biri", dedi kompaniya bosh meteorologi Jonatan Porter.
Nashrning eslatishicha, ikkita eng yirik yong‘in – Los-Anjelesdan g‘arbdagi Tinch okeani Palisades hududida va Los-Anjelesdan sharqdagi Altadin hududida sodir bo‘lgan yong‘inlar 12 mingdan ortiq binoni vayron qilgan. Xususan, mamlakatdagi eng qimmat turar-joy binolari - Santa Monika va Malibu o‘rtasidagi uchastkada yonib ketdi. Bu yerda o‘rtacha ko‘chmas mulk narxi 2 million dollarni tashkil qiladi.
Hozirgi yong‘inlar AQShda sodir bo‘lgan so‘nggi ofatlardan, masalan, 2023 yildagi Gavayidagi o‘rmon yong‘inlari va 2024 yildagi Xelena to‘fonidan ko‘proq zarar keltirgan.
14 yanvar kuni ob-havo yomonlashishi kutilmoqda, bu esa yong‘in yanada kengroq tarqalishiga yordam beradi.
Avvalroq Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 24 nafarga yetgan. Rasmiylar qurbonlar soni haqida yakuniy ma’lumot berishga hali erta ekanligini aytishmoqda.